Bu yil o‘qishni ko‘chirishda sertifikatlar tan olinadimi?
Jamiyat
−
13:50 930 2 daqiqa
Joriy yildan boshlab o‘qishni ko‘chirishda milliy va xalqaro sertifikatlar inobatga olinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish jarayonida milliy va xalqaro sertifikatlarning inobatga olinishi yuzasidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda.
Bildirilishicha, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 11 iyundagi “Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 299-son qaroriga muvofiq, xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishini ko‘chirishda chet tili hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball berish tartibi joriy etilgan.
Mazkur qaror 2026 yil 12 iyundan kuchga kirgan va uning talablari joriy yildagi o‘qishni ko‘chirish jarayonida ham to‘liq qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-2027 o‘quv yilida barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita oliy ta’lim muassasalariga qabul tanlovining keyingi bosqichiga o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.