“Perevod” uchun o‘tish ballari rasman tasdiqlandi
Jamiyat
−
09 iyul 5470 2 daqiqa
2026/2027 o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekiston davlat oliygohlariga o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tkaziladigan maxsus sinovlarning o‘tish ballari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Vazirning tegishli buyrug‘iga asosan belgilangan ballar ta’lim yo‘nalishlari kesimida e’lon qilingan. Unga ko‘ra, eng yuqori o‘tish bali huquq yo‘nalishi uchun belgilangan bo‘lib, talabgorlar kamida 165 ball to‘plashi kerak.
Qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tish ballari quyidagicha:
Siyosatshunoslik – 140 ball;
Xalqaro munosabatlar – 140 ball;
Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar – 140 ball;
Sog‘liqni saqlash – 132 ball;
San’at, ijtimoiy fanlar, jurnalistika, biznes va boshqaruv – 105 ball;
Transport xizmatlari – 104 ball;
Ta’lim, gumanitar fanlar, tillar, atrof-muhit, matematika va statistika, AKT, ijtimoiy ta’minot – 94 ball;
Biologik fanlar, fizika, xizmat ko‘rsatish – 80 ball;
Muhandislik, ishlab chiqarish, arxitektura – 75 ball;
Qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi, mehnat muhofazasi – 70 ball;
Veterinariya – 60 ball.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026/2027 o‘quv yili uchun ayrim yo‘nalishlarda o‘tish ballari avvalgi yilga nisbatan o‘zgargan. Jumladan, san’at yo‘nalishida o‘tish bali 2025/2026 o‘quv yilidagi 93 balldan 105 ballga oshgan. Shuningdek, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida ham talab etiladigan minimal ko‘rsatkich 129 balldan 132 ballga ko‘tarilgan. Ayrim yo‘nalishlarda esa o‘tish ballari o‘zgarishsiz qolgan. Masalan, huquq yo‘nalishi bo‘yicha talab 165 ball etib saqlangan.
Shuningdek, vazirlik muhim cheklovni eslatib o‘tgan. Bunda xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim tashkilotlaridan O‘zbekistondagi davlat oliygohlarining mos yoki turdosh bo‘lmagan bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlangani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi