Bu xavfli eskalatsiya – BMT dunyoni Rossiyaning o‘yinchoq referendumini tan olmaslikka chaqirdi

Olam

image

Donetsk va Lugansk “xalq respublikalari” (DXR va LPR), Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya tarkibiga kirishi qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun, 29 sentyabr kuni jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining qo‘shilish to‘g‘risidagi har qanday qarori yuridik kuchga ega bo‘lmaydi va qoralashga loyiq. 

"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi aniq. Kuch qo‘llash tahdidi yoki qo‘llash oqibatida bir davlat hududining boshqa davlat tomonidan anneksiya qilinishi BMT Nizomi va xalqaro huquq tamoyillarini buzish hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasi ham bu borada aniq fikr bildirdi”, deydi Guterrish. 

Bosh kotibga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolaridan biri sifatida Nizomga rioya qilish Rossiya Federatsiyasiga alohida mas’uliyat yuklaydi. 

“Buni xalqaro huquq bilan kelishtirib bo‘lmaydi. Bu xalqaro hamjamiyat tarafdori bo‘lgan hamma narsaga zid keladi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha tamoyillari va maqsadlariga hurmatsizlikdir. Bu xavfli eskalatsiya. Zamonaviy dunyoda bunga o‘rin yo‘q. Bu qabul qilinmasligi kerak”, deydi u.

Guterrish BMTning “referendum” bo‘yicha pozitsiyasi aniq ekanini ta’kidladi.  

“Biz Ukrainaning xalqaro miqyosda tan olingan chegaralari doirasida va BMT rezolyutsiyalariga muvofiq suvereniteti, birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga to‘liq sodiqmiz. Shuni ta’kidlashni istardimki, bosib olingan hududlarda "referendum"lar davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar sharoitida, Rossiya ishg‘oli ostidagi va Ukrainaning huquqiy hamda konstitutsiyaviy doirasidan tashqarida bo‘lgan hududlarda o‘tkazildi. Ularni xalq irodasining haqiqiy ifodasi, deyish mumkin emas”, deydi Guterrish.

Shuningdek, u, Rossiyaning ushbu yo‘nalishda davom etish bo‘yicha har qanday qarori tinchlik istiqbollarini xavf ostiga qo‘yishini ta’kidladi:

“Bu global iqtisodiyotga, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi va bizning Ukraina va undan tashqariga yordam yetkazish qobiliyatimizga to‘sqinlik qiladi. Chegaradan orqaga qaytish vaqti keldi. Endi biz har qachongidan ham ko‘proq birgalikda ushbu halokatli va ma’nosiz urushni tugatish va BMT Nizomi va xalqaro huquqni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”.

Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shilish bo‘yicha referendumlar 23–27 sentyabr kuni bir vaqtning o‘zida to‘rtta mintaqada –DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazildi. Mintaqaviy saylov komissiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berganlarning aksariyati ushbu hududlarni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga sub’ekt sifatida kiritish tarafdori bo‘lgan.

Ertaga, 30 sentyabr kuni Moskvadagi Katta Kreml saroyida yangi hududlarni Rossiya tarkibiga qo‘shish to‘g‘risidagi shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda Prezident Vladimir Putin ham qatanashishi kutilmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Antoniu Guterrish Referendum Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing