Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Antoniu Guterrish bilan uchrashdi
Jamiyat
−
17:37 404 2 daqiqa
Bugun, 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bishkek shahrida o‘tayotgan SHHT sammiti tadbirlari doirasida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida BMT Bosh kotibi davlat rahbari va O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilagan.
BMT va uning institutlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.

Davlat rahbari Antoniu Guterrishning O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasini yuqori baholagan. Bosh kotibning tashkilot tizimini isloh qilishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Faol muloqot va o‘zaro tashriflar hamda O‘zbekistonning BMTning saylanadigan organlari faoliyatidagi ishtiroki kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingan.
Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda katta yutuqlarga erishayotganini olqishlagan. Bu boradagi hamkorlikni yanada faol davom ettirishga tayyorlik tasdiqlangan.
Suhbat davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashilgan. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.