Britaniyada Falastin tarafdorlariga jinoyatchi maqomi berildi
Olam
−
05 iyul
2820Joriy yilning 5 iyul kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda Palestine Action harakatining tarafdorlari bu harakatning taqiqlanishiga qarshi norozilik bildirdi va parlament binosi yaqinida o‘tkazilgan aksiya vaqtida bir necha faollar politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Palestine Action hozirda Buyuk Britaniyada taqiqlangan tashviqotlar ro‘yxatiga kiritilgan va uni ochiqcha qo‘llab-quvvatlash jinoyat hisoblanadi.
Mamlakat Ichki ishlar vaziri Ivett Kuper taklifi bilan Palestine Action Rossiyadagi Rus imperatorlik harakati va AQSHdagi neonatsist guruh Buyuk Britaniyada rasman taqiqlanganlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bu qaror parlamentning ikkala palatasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Endi bu tashkilotlarga a’zolik, ularning yig‘ilishlarida qatnashish yoki har qanday shaklda ularni qo‘llab-quvvatlash jinoyat hisoblanadi va buning uchun 14 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Palestine Action harakati 20 iyun kuni Buyuk Britaniyaning Oksfordshir grafligidagi Bryz-Norton harbiy aviabazasiga bostirib kirib, ikki ta’minot samolyotiga zarar yetkazgan edi.
Harakat vakillari bu holatni G‘azoda Isroil tomonidan olib borilayotgan urush va genotsidga qarshi norozilik deya izohlagan. Ularning aytishicha, Britaniya hukumati bu mojaro doirasida harbiy yuklarni yetkazib berishda, razvedka samolyotlarini G‘azo ustida uchirishda va AQSH hamda Isroil samolyotlariga yonilg‘i quyishda bevosita ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Isroil 60 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini bildirgan edi. Shu davr mobaynida G‘azodagi harbiy mojaroni butunlay yakunlashga qaratilgan qadamlar tashlanishi rejalashtirilgan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hozircha Trampning bayonotiga ochiq izoh bermagan. Biroq “Reuters” tahliliga ko‘ra, Tel-Aviv va HAMASning rasmiy ritorikasi hanuz keskin va murosasizligicha qolmoqda. Netanyaxu bir necha bor HAMASni qurolsizlantirish tinchlikka erishish uchun majburiy shart ekanini ta’kidlagan. Biroq taxminlarga ko‘ra, hanuz 20 ga yaqin garovdagilarni ushlab turgan HAMAS bu mavzuni muhokama qilishdan bosh tortmoqda.
G‘azo sektoridagi qurolli mojarolar 2023 yilning oktabr oyida HAMAS askarlarining Isroil hududiga hujumi ortidan boshlangan edi. 2024 yil yanvar oyida tomonlar ikki oyga cho‘zilgan vaqtinchalik sulhga erishgan. 18 mart kuni esa Isroil armiyasi G‘azodagi harbiy amaliyotlarni qaytadan boshlagan va ularni kengaytirgan.