Buyuk Britaniya parchalanish arafasida yoxud Vestminsterga qarshi uchlik

Tahlil

Reklama
0:00

G‘alati va betartib davrda yashayapmiz. Biz o‘rganib qolgan dunyo o‘zining butkul yangi qiyofasini namoyish etmoqda. Lokal urushlar, chegaraviy muammolar, qudratli davlatlarning to‘laqonli kuchga tayangan siyosati. Bir vaqtlar tuzilgan tashkilotlar, tinchlikni saqlashi kerak bo‘lgan shartnomalar hammasi o‘zining ahamiyatini yo‘qotgandek go‘yo. Insoniyat urush degan baloning naqadar bema’ni ekanini, uning g‘olibi yo‘qligini unutib qo‘ydi.

Hatto atigi bir asr muqaddam Yer sharining to‘rtdan bir qismini nazorat qilgan davlat bugun zavolga yuz tutish arafasida. Juda qisqa davr ichida dunyo siyosiy xaritasida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi nomi butkul yo‘qolishi mumkin. Shotlandiya, Irlandiya va Uels mustaqillik tomon dadil qadam tashlamoqda. Endi ularni o‘rta asrlardagi kabi kuch bilan to‘xtatishning ham iloji yo‘q. Xo‘sh, unda nima bo‘ldi? Nahotki Birlashgan Qirollik parchalanib ketadi? Yangi bosh vazir buni to‘xtata oladimi?

Mustaqillik orzusi

“Buyuk Britaniya” va “Birlashgan Qirollik” iboralari kundalik nutqda ko‘pincha bir-birining o‘rnida ishlatiladi. Hatto xalqaro siyosat haqida gap ketganda ham bu ikki tushuncha orasidagi farq ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Aslida esa ular bir xil ma’noni anglatmaydi. Buyuk Britaniya – avvalo Angliya, Shotlandiya va Uels joylashgan orolning nomi. Birlashgan Qirollik esa shu Buyuk Britaniya orolidagi uch mamlakatga Shimoliy Irlandiya qo‘shilgan suveren davlatdir. Uning to‘liq rasmiy nomi – Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi.

Ya’ni hozir yagona davlat sifatida ko‘rinayotgan Birlashgan Qirollik aslida tarix davomida alohida siyosiy birliklar bo‘lgan Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning turli davrlardagi siyosiy birlashuvi natijasidir. To‘rt qirollik – to‘rt xil tarix. Ularning barchasi bir xil yo‘l bilan Buyuk Britaniya tarkibiga kirmagan, bugungi kunda ham ularning vakolatlari bir xil emas va eng muhimi, ularning Buyuk Britaniya bilan munosabati ham har xil.

XVII asr boshigacha Angliya va Shotlandiya alohida qirolliklar edi. Nazarimda siz ham Uilyam Uollesning Angliya bosqiniga qarshi kurashishi haqidagi “Sheryurak” (Braveheart, 1995) filmini ko‘rgansiz. Haqiqatdan ham uzoq vaqt davomida shotland xalqi o‘z mustaqilligini saqlab qola oldi. Faqatgina XVI asr oxiri – XVII asr boshida yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozgina Shotlandiyani Angliya tarkibiga qo‘shilishiga majbur qila oldi. 1706 yil 22 iyulda ikki qirollik o‘rtasida birlashish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 1707 yil 1 mayda akt rasman kuchga kirdi va Angliya va Shotlandiya parlamentlari tugatilib, yagona Buyuk Britaniya Qirolligi tashkil topdi.

Ammo barcha shotlandlar ham birlashuvni istamasdi. O‘tgan uzoq vaqt davomida Shotlandiya aholisi markaziy hokimiyatga qarshi bir necha bor bosh ko‘tarib chiqdi. Ammo qudratli ingliz qo‘shinlari ularni shafqatsizlik bilan bosib oldi. Biroq yangi davrda to‘laqonli kuchga tayanish doim ham ish bermaydi, ayniqsa mamlakat inson huquqlari himoyasi haqida baralla jar soluvchi G‘arbiy Yevropaning bir qismi bo‘lsa.

XX asr oxirida shotlandiyaliklarning o‘zini o‘zi boshqarishga bo‘lgan intilishi qayta jonlandi. 1997 yilgi umumxalq referendumida avtonomiya masalasi ma’qullangach, 1999 yilda deyarli 300 yillik tanaffusdan keyin Shotlandiya parlamenti qayta tiklandi. 2014 yildagi referendum esa aholi qalbida hanuz mustaqillik orzusi yashayotganini ko‘rsatdi. Referendum qatnashchilarining 55,3 foizi Birlashgan Qirollik tarkibida qolishni, 44,7 foizi esa mustaqillikni yoqlab ovoz berdi.

Uels esa to‘laqonli harbiy yurishlar orqali bosib olingan qirollik. 1277 yilda Angliya qiroli Edvard I Uels ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish uchun yirik harbiy yurishlarni boshladi va 1283 yilda qirollik to‘liq bo‘ysundirildi. Edvard I Uelsni bo‘ysundirish va nazoratda ushlab turish uchun ulkan tosh qal’alar tizimini barpo etdi. Aholi to‘laqonli kuch orqali nazorat qilindi.

Ammo na kishanlar, na baland devorli qal’alar ozodlikka bo‘lgan intilishni to‘xtatib qoladi. 1997 yilda o‘tkazilgan referendumda uelsliklarning 50,3 foizi avtonomiya uchun ovoz berdi va natijada 1999 yilda Uels Assambleyasi tashkil topdi. Qirollik parlamenti sog‘liqni saqlash, ta’lim, transport, atrof-muhit va mahalliy iqtisodiyot sohalarida o‘z qonunlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ldi.

Birlashgan Qirollik tarkibidagi eng muammoli hudud bu, shubhasiz – Irlandiya edi. Angliya qirolligi Irlandiyani XII asrdan boshlab bosib ola boshlagan. Nazoratni kuchaytirish va boshqaruvni osonlashtirish maqsadida XVII asrda orolning shimoliy qismiga shotland va ingliz protestantlari ko‘chirib keltirildi. Oqibatda tub yerli katolik irlandlar o‘z yerlaridan mahrum bo‘ldi. Bu esa irland xalqida bosqinchilarga nisbatan nafrat oshib ketishiga olib keldi. 1641 yilda musodara qilingan yerlarni qaytarib olish va katoliklar huquqlarini himoya qilish maqsadida irlandlar umumxalq qo‘zg‘olonini boshladi. Irlandlar deyarli butun orolni egallab oldi. Faqatgina Angliya inqilobi yetakchisi Oliver Kromvelning shafqatsiz bosqinigina Irlandiyaning Angliya tarkibida qolishiga imkon yaratdi. Droeda va Ueksford shaharlarida minglab tinch aholi qirib tashlandi. Kromvel landshaftni batamom o‘zgartirib, katolik yer egalarining mulklarini tortib oldi va ularni unumsiz g‘arbiy hududlarga surib chiqardi.

Shunga qaramay, uzoq davr mobaynida irland xalqi erkinlik uchun qattiq kurashib keldi. 1801 yil 1 yanvardagina butun Irlandiya oroli rasman Birlashgan Qirollik tarkibiga qo‘shib olindi va davlat Buyuk Britaniya va Irlandiya Birlashgan Qirolligi deb atala boshlandi.

Ammo qirollikning rasman qo‘shib olinishi xalqning ozodlik istagiga raxna sola olmadi. 1919–1921-yillarda Irlandiya mustaqillik urushi bo‘lib o‘tdi, natijada orolning janubiy va g‘arbiy qismi ajralib chiqib, Irlandiya Erkin Davlati – hozirgi Irlandiya Respublikasini tuzdi. Orol shimolidagi protestantlar yashovchi 6 ta graflik Birlashgan Qirollik tarkibida qoldi. Shu tariqa Shimoliy Irlandiya vujudga keldi.

Ammo bir millatni ikkiga bo‘lib tashlash yaxshilikka olib kelmasligini inglizlar yaxshi bilar edi. Shu tufayli qirollikka keng ko‘lamli avtonomiya berildi. 1998 yil 10 aprelda imzolangan “Xayrli juma bitimi” mintaqaga qisman bo‘lsa-da barqarorlikni ta’minlay oldi. Unga ko‘ra, Shimoliy Irlandiya Assambleyasi tuzildi, Irlandiya Respublikasi bilan chegaralardagi jismoniy to‘siqlar va nazorat-o‘tkazish maskanlari olib tashlandi va agar irland xalqining katta qismi mustaqil Irlandiya Respublikasi bilan birlashishni istasa, buni referendum o‘tkazish orqali hal etish vakolati berildi.

Qisqacha qilib aytganda, so‘nggi 50 yilda London qirolliklardagi siyosiy vaziyatni muvozanatda saqlashi uchun ko‘p ter to‘kishga majbur bo‘ldi. Har bir qirollikning o‘z boshqaruv parlamenti, bosh vaziri tayinlandi. Bugun esa qirolliklar yana bir bor mustaqil bo‘lish masalasini o‘rtaga tashlamoqda, faqat bu safar vaziyat ancha jiddiy ko‘rinadi. Agar Vestminster barcha uchun optimal yechim taklif qila olmasa, Birlashgan Qirollik birlasha olmay qolishi mumkin.

Mustaqillikka katta qadam

Buyuk Britaniya parchalanish yoqasida. Bir vaqtning o‘zida Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya bosh vazirlari Londondagi hukumatni rad etib, o‘z kelajagini o‘zi belgilash masalasida bir stol atrofida jamlandi. 14 sentyabr kuni Kardiffda Shotlandiya Milliy partiyasi rahbari Jon Svinni, Uels partiyasi (Plaid Cymru) va Shimoliy Irlandiyaning bosh vaziri Mishel O’Nil birgalikda memorandum imzoladi. Hujjatda uch millatning o‘z taqdirini demokratik yo‘l bilan belgilash huquqi qayd etildi va Britaniya hukumatidan bo‘lajak konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rish, ularni rejalashtirish hamda qo‘llab-quvvatlash so‘raldi. Hujjatda hatto “Vestminster davri o‘z yakuniga yetmoqda” degan siyosiy da’vo ham ilgari surildi.

“Millatlarimiz o‘z kelajagini demokratik yo‘l bilan belgilash huquqiga ega. Biz o‘zimiz vakillik qilayotgan millatlar va jamoalar kattaroq iqtisodiy imkoniyatlar erkinligiga hamda o‘z kelajagini belgilashda yanada kuchliroq ovozga loyiqdir, degan ishonchni baham ko‘ramiz.
Orollardagi siyosiy manzara o‘zgarmoqda. Tarixda ilk bor Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning birinchi vazirlari Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lish g‘oyasiga birgalikda sodiqdirlar”, deyiladi hujjatda.

Qizig‘i, besh kun oldin, ya’ni 12 sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Irlandiyaga tashrifi chog‘ida Irlandiya Respublikasi va Buyuk Britaniya tarkibidagi Shimoliy Irlandiyaning birlashishini istashini ochiq aytgandi hamda bunday birlashuv oxir-oqibat baribir yuz berishiga ishonishini bildirgan.

Bernem idorasi vakili esa Bosh vazirning Irlandiya birlashishi masalasidagi avvalgi bayonoti hali ham o‘z kuchida ekanini aytgan. 9 sentyabr kuni parlamentda deputatlarning Shimoliy Irlandiyada Irlandiya Respublikasi bilan birlashish masalasida referendum o‘tkazilishi ehtimoli haqidagi savollariga Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem birlashish bo‘yicha yangi referendumni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘pchilik ekanidan xabari yo‘qligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat o‘zgarmaguncha bunday referendum bo‘lmaydi.

“Meni yana bir referendum o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlaydigan jamoatchilik ko‘pchilik ekanidan xabarim yo‘q. Bu o‘zgarmaguncha, bunday referendum bo‘lmaydi”, degandi Bernem.

Dublinga tashrif buyurgan AQSH rahbarining Irlandiya masalasida bunday keskin bayonot berishi va oradan ikki kun o‘tib Angliyadan tashqari uch qirollik bosh vazirlarining Kardiffda ajralib chiqish mazmunidagi memorandumni imzolashi jamoatchilikda “Irlandiya Respublikasi Trampdan yordam so‘radi” degan fikrni yuzaga keltirmoqda. “Betaraflik” degan so‘zdan uzoq yuruvchi va dunyodagi barcha masalalarda o‘zini “qozikalon” deb biluvchi AQSHning amaldagi rahbari esa bu iltimosni jon deb qabul qilgan bo‘lishi mumkin.

Ammo hali xulosa qilishga erta. Kardiffda imzolangan memorandum Shotlandiya, Uels yoki Shimoliy Irlandiya mustaqil bo‘ldi degani emas. Shuningdek, uch hududning siyosiy rahbarlari birgalikda Buyuk Britaniyadan chiqish sanasini ham belgilamagan. Hujjatning asosiy mazmuni – millatlarning o‘z kelajagini demokratik yo‘l bilan belgilash huquqini ilgari surish, konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rishni talab qilish va mustaqillik tarafdori kuchlarning hamkorligini kuchaytirish. Uchala siyosiy kuch ham alohida-alohida mustaqil bo‘lishni istasa-da, bunga qanday erishish masalasida fikrlar turlicha. Shotlandiya vakili Jon Svinni va Shimoliy Irlandiya vakili Mishel O'Nil qo‘shma matbuot anjumanida referendumlar o‘tkazishga chaqirgan bir paytda, Uels vakili Run ap Iorvert o‘z mamlakatida referendumlar o‘tkazish jadvalini berishdan bosh tortgan, ammo o‘zgarishlarga moyilligini bildirgan.

“Uels xalqimiz loyiq bo‘lgan kelajakni qurish uchun bizga millat sifatida zarur bo‘lgan kuch, resurslar va adolatli munosabatga ega bo‘lishi kerak”, dedi u.

Ayni vaqtdagi iqtisodiy holat ham mutlaq mustaqil uch yangi qirollik vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shimoliy dengizdagi neft va gaz zaxiralarining katta qismi Shotlandiya hududiy suvlariga to‘g‘ri kelishi, shotland viskisi, baliqchilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyo bo‘ylab juda xaridorgirligi yoki Edinburgning Yevropadagi yirik moliyaviy markazlaridan biri hisoblanishi Shotlandiya uchun katta iqtisodiy imkoniyat yarata oladi, ammo yetarlicha emas. Uelsning esa bu borada imkoniyatlari ancha cheklangan. Qisqa qilib aytganda, bu ikki qirollik uchun Londonda mustaqil bo‘lish anchagina og‘riqli bo‘lishi tabiiy.

Biroq Shimoliy Irlandiya masalasi anchagina istiqbolli deyish mumkin. Har holda poytaxti Dublin bo‘lgan Irlandiya Respublikasi allaqachon mustaqil aktor sifatida xalqaro maydonda o‘z o‘rniga ega. Davlatning ayni paytda Buyuk Britaniya tarkibida bo‘lgan Shimoliy Irlandiya bilan birlashuvi ajralib chiqish olib keladigan bosimni kamaytirishga yordam beradi. Shunga qaramay, bu mustaqillik silliq kechadi degani emas. Qirollik har yili Londondan taxminan 10–15 milliard funt sterling atrofida qo‘shimcha dotatsiya oladi. Shunday ekan, referendumda irlandlarning qarorini aniq taxmin qilish qiyin.

Shunga qaramay, siyosiy jihatdan bu yurish katta e’tiborga loyiq. Chunki Buyuk Britaniya tarixida ilk bor Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyadagi asosiy millatchi siyosiy kuchlar o‘zlarining konstitutsiyaviy maqsadlarini bitta hujjatda bog‘ladi. Ularning umumiy maqsadi kelajakni Vestminster belgilamasligi, balki har bir millatning o‘zi hal qilishi kerakligini e’tirof etishdir.

Memorandumda uch hududning Yevropa Ittifoqi bilan bog‘liq qarashlari ham alohida qayd etilgan. 

“Brexit iqtisodiyotimizga zarar yetkazdi va xalqimiz uchun imkoniyatlarni cheklab qo‘ydi. Mamlakatlarimiz kelajagi Yevropa Ittifoqiga tegishli deb hisoblaymiz”, deyiladi memorandumda.

2016 yildagi referendumda Buyuk Britaniya umumiy hisobda Yevropa Ittifoqidan chiqishni tanladi. Ammo Shotlandiyada saylovchilarning katta qismi, naqd 62 foiz elektorat Yevropa Ittifoqida qolishni yoqlagan edi. Shimoliy Irlandiyada ham Brexit masalasi o‘ziga xos siyosiy oqibatlarga ega bo‘ldi. Natijada Londonning Yevropadan uzoqlashish siyosati bilan Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning ayrim siyosiy kuchlari ko‘zlayotgan kelajak o‘rtasidagi tafovut kuchaydi. Endi mustaqillik tarafdorlari bu tafovutdan Londonga qarshi siyosiy argument sifatida foydalanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, bugun Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi butkul parchalanib ketmasligi mumkin, ammo ichidagi bu kabi norozilik kayfiyati London boshqaruvida kamchiliklar borligidan dalolatdir. Siyosiy masalada Vestminsterning og‘irroq vaznga ega bo‘lishi boshqa qirolliklarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh, buni janob Bernem qanday hal qiladi yoki bu Britaniyaning inqirozi bo‘ladimi?


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing