Britaniyada 3 bolgariyalik Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblanib qo‘lga olindi

Olam

image

Bolgariyaning uch fuqarosi Buyuk Britaniyada Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniyada yashagan 45 yoshli Orlin Rusev, 41 yoshli Bizer Jambazov va 31 yoshli Katrin Ivanova Rossiya maxsus xizmatlarida ishlagan. Hozirda ular hibsda. Bolgariya fuqarolari London politsiyasining ayg‘oqchilik ishlariga aloqador bo‘lgan aksilterror bo‘linmalari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. 

Ular Bolgariya, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Ispaniya, Italiya, Sloveniya, Fransiya, Xorvatiya va Chexiya kabi davlatlardan rasmiy hujjatlar, jumladan, pasport va boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblanmoqda.

Aniqlanishicha, Rusev Britaniya sharqidagi Norfolk grafligidagi Greyt-Yarmut shahrida, Jambazov va Ivanova esa London shimoli-g‘arbidagi Harrou hududida birga yashagan. BBC'ning ma’lum qilishicha, ular bir necha yil Buyuk Britaniyada yashab, vaqti-vaqti bilan ish joylarini o‘zgartirib turgan.

Rusev 2009 yilda Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgan va u yerda uch yil davomida moliyaviy xizmatlar sohasida texnik lavozimlarda ishlagan. Keyinchalik u xabarlar yoki elektron signallarni ushlashni o‘z ichiga olgan aloqa trafigini kuzatish va tahlil qilish biznesiga egalik qilgan.

Bundan tashqari, Rusevning LinkedIn ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida u ilgari Bolgariya Energetika vazirligining maslahatchisi bo‘lgani aytiladi. Jambazov va Ivanova taxminan 10 yil oldin Buyuk Britaniyaga ko‘chib o‘tgan. Xabar qilinishicha, Jambazov shifoxonalarda haydovchi bo‘lib ishlagan, Ivanova esa xususiy tibbiyot firmasida laborant bo‘lib ishlagan.

BBC'ning qo‘shimcha qilishicha, ular mamlakatda yashovchi bolgarlarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotni boshqarish uchun ko‘ngilli bo‘lgan. Shu bilan birga, nashr er-xotin Buyuk Britaniyada yashovchi Bolgariya fuqarolari milliy saylovlarda ishtirok etishi uchun yaratilgan Londondagi Bolgariya saylov komissiyalarida ishlaganini yozgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyevning Shevchenkovskiy tuman sudi Ukraina Xavfsizlik xizmati sobiq xodimi general-mayor Valeriy Shaytanovni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgandi. Shuningdek, Polsha maxsus xizmatlari josuslikda ayblanayotgan ikki rossiyalikni qo‘lga olgani haqida xabar bergandik.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Bolgariya josuslik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing