Boysundagi kondan yana gaz chiqa boshladi. 2 kishi halok bo‘lgan
Jamiyat
−
18 Sentabr
11228Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida 17 sentyabr kuni tushdan keyin yana vodorod sulfid sizib chiqishi yuz berdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalgandi va buni bugun, 18 sentyabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam O‘tayev tasdiqladi.
Holat ortidan 2 nafar shaxs vafot etdi.
“Voqea joyiga viloyat prokurorining o‘zi chiqqan. Hozirda tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha OAVga axborot beriladi. O‘lim holati bo‘lgan. Ikki nafar shaxs o‘lgan. Yana tan jarohati olingan holatlar ham bor. Hozir tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Natijasi bo‘yicha sizlarga ma’lumot beriladi”, deydi u.
Uning aytishicha, Kafrum, Kudana, Dashtig‘oz qishloqlari aholisi evakuatsiya qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov esa hududdan yuqori konsentratsiyadagi vodorod sulfid chiqmayotganini aytdi va yuzaga kelgan vaziyat ishlab chiqarish bilan bog‘liq texnik holat ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 1 sentyabr kuni “Mustaqillikning 25 yilligi” koniga qarashli 604-sonli quduqda burg‘ilash ishlari olib borilishi vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishi kuzatilgandi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida kon yaqinida yashovchi fuqarolar xavfsiz hududga evakuatsiya qilingan. Shundan so‘ng, Bosh vazir o‘rinbosari va bir nechta mutasaddi rahbarlar konga yetib bordi. 14 sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) o‘rnatilib, 15 sentyabr kuni to‘liq tizimni presslash jarayoni olib borilgan va shu kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborilgan va 16:50 da minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi to‘xtatilgandi.
LiveBarchasi