Bosh prokuratura Qozog‘iston xalqiga murojaat bilan chiqdi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mamlakat fuqarolarini Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga va ularga zarur yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Bulat Dembayevning murojaatida aytib o‘tilgan. 

Departamentning eslatishicha, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibotni tiklash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida Prezident Qosim-Jomart To‘qayev farmoni bilan Olma-ota shahri va Mang‘istau viloyatida favqulodda holat joriy etilgan. 

“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasidan kelib chiqib, qonun ustuvorligini ta’minlash maqsadida fuqarolarni ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga to‘g‘ri yondashishga, Ichki ishlar organlari va vakolatli organlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarishga chaqiramiz. Ularga yordam ko‘rsatish zarur”, deyiladi murojaatda.

Shuningdek, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmaslik, provokatsiyalarga berilmaslik va favqulodda holat tartibini buzmaslik, balki rasmiy manbalarda e’lon qilingan mamlakatdagi mavjud vaziyat haqidagi ishonchli ma’lumotlardan foydalanishga chaqiriladi.

Dembayev favqulodda holat talablarini buzgan shaxslar jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.   

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.   

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. 

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

murojaat namoyish

Baholaganlar

686

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing