Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochdi

Jamiyat

image

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z oila a’zolariga tegishli telekanalga davlat buyurtmalarini bergani yuzasidan prokuratura tomonidan ma’muriy ish ochildi. Bu haqda Bosh prokurorning Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

“Bosh prokuratura tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, 25 yanvar kuni Kinematografiya agentligi bosh direktoriga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish qo‘zg‘atilib, mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun sudga yuborilgan”, deydi Hayot Shamsutdinov.

"Sabriya" mashmashasi

Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi. 

Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi

Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi

Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov  ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.

Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan. 

20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi. 

Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.

Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.

Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi. Biroq mahkama negadir ish sudga oshirilib, ko‘rish boshlangach, axborot berilgani kutilmagan bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

140

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing