Bosh murabbiylikka qaytgan Babayan, o‘zi bola bo‘la turib ona bo‘lgan qiz, masjiddagi muhim voqea – yangiliklar dayjesti

Jamiyat

image
Bugun, 27 noyabr kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda qanday muhim voqeliklar sodir bo‘ldi? Bugun tarix zarvaraqlarida muhr qoldira oldimi? Eng muhim voqea-hodisa, yangiliklarning qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Jamiyat 

O‘zbekiston olgan qarzlarini nimaga sarflagan?

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat qarzi 25,3 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergan edik.

Moliya vazirligi hisobotida keltirilishicha, 2021 yilning III choragi yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 24,5 foizi yoki 5,6 mlrd dollar davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, qarz mablag‘larining 13,6 foizi yoki 3,1 mlrd dollar elektr-energetika sohasiga, 12,3 foizi yoki 2,8 mlrd dollar energetika sohasiga, 11,3 foizi yoki 2,6 mlrd dollar transport va transport infratuzilmasiga, 8,9 foizi yoki 2,0 mlrd dollar uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

1 dekabrdan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

O‘zbekiston qonunchiligida 2021 yil 1 dekabrdan boshlab qator yangiliklar kuchga kiradi. “Norma” oy boshidan kuchga kiradigan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Ko‘chma savdo soddalashtiriladi

•    Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘chma savdo ob’ektlarini “K–SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi;
•    Ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo ob’ektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha “K-SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi baholanadi

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini monitoring qilish va ochiqligini baholash metodikasi asosida har yil yakuni bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi.

Toshkentda bog‘cha mudiralari majburan ishlatilyaptimi?

Bugun, 27 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yunusobod tumanida bog‘cha mudiralari va xodimlari tuman hokimligi tomonidan majburan Yunusobod 19-kvartalga ertalab soat 7:00 ga chaqirilgani va majburiy mehnatga jalb qilingani haqida videolar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Maktabgacha ta’lim vazirligi Matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva bilan bog‘landi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda bog‘cha mudiralari majburiy mehnatga jalb qilinayotgani haqidagi xabar keng tarqalyapti. MTV bu masalani o‘rgandi va shaxsan o‘zim Yunusobod tuman mas’ullari va tuman hokimi Jahongir Bahodirovich bilan bog‘landim. Ma’lumot berishlaricha, Yunusobod tumanida 64 ta mahalla bor va shu mahallalardagi xotin-qizlar va obodonlashtirishga mas’ul xodimlar to‘plangan. Ular orasida bog‘cha mudiralari va tarbiyachilari yo‘q. 180 nafarga yaqin ayol yig‘ilishiga sabab esa atrofni obodonlashtirish bo‘yicha hashar e’lon qilingan va 19-kvartaldan hashar ishlari boshlangan”, deydi vazirlik vakili.

IIBB Yunusoboddagi masjidda sodir bo‘lgan voqeaga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yunusobodda masjidlardan birida bo‘lgan holat ekan” sarlavhali video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 26 noyabr kuni Yunusobod tumanida o‘tkazilgan juma namozi davomida imom-xatib bir yigit Islomni qabul qilib, musulmon bo‘lmoqchi ekanligini ma’lum qiladi.

So‘ng yigitga so‘z berilgan. U jamoatga rus tilida murojaat qiladi. Ko‘pchilik uning so‘zlarini to‘g‘ri tushunadi, ammo bir erkak holatga norozilik bildirishni boshlaydi. Masjiddagi ayrim kishilar uni ko‘chaga olib chiqadilar.

Yangi qozon va choynak. Toshqulovning yotoqxonaga tashrifi haqiqatdan “kutilmagan”midi?

Bir necha kun avval Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Toshkent davlat texnika universitetining 54-talabalar turar-joyiga “kutilmagan” tashrif bilan borgan edi. Ijtimoiy tarmoqda ushbu tashrifdan olingan suratlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Gap shundaki, suratlarda talabalar “yangi qozon, yangi choynak va yangi jihozlar”i bo‘lgan xonalarda yashayotgani ko‘rsatilgan. Kecha, 26 noyabr kuni Oliy ta’limda “Korrupsiyasiz soha” mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Rahimjon Hakimov holatga oydinlik kiritdi.

“Yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri talabalar turar-joyiga tashrif buyurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “yangi choynak, yangi qozon” degan gaplar tarqaldi. Lekin vazir haqiqatdan kutilmaganda borgan. Vaziyat shunaqa bo‘lib qoldi. O‘sha yotoqxona oliy ta’lim muassasasining yaqinda foydalanishga topshirilgan yotoqxonasi bo‘lgan. Vazirning esa yangi binoga kirgan vaqti tushgan rasmlari ijtimoiy tarmoqqa qo‘yilgan”, dedi Rahimjon Hakimov.

Benzin so‘nggi 10 kunda qanchaga arzonlashgani aytildi

So‘nggi 10 kun ichida AI-80 markali avtomobil benzinning ulgurji narxi 20 foizga arzonlashdi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish Matbuot xizmati xabar berdi.  

Qayd etilishicha,  birja savdolarida raqobat muhiti yaratilishi, ya’ni xususiy yoqilg‘i quyish shoxobchalarining birja savdolarida ishtirok etish imkoniyati oshganligi hisobiga o‘rtacha birja narxlari pasaygan. Bunda 1 tonna benzin uchun 10 mln 129,4 ming so‘mdan 8 mln 101,2 ming so‘mgacha, ya’ni 20 foizga pasaydi, bu esa chakana narxlariga ham ijobiy ta’sir qilishni boshladi.

Olam

O‘zbekistonlik 15 yoshli qiz farzandli bo‘ldi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 15 yoshli O‘zbekiston fuqarosi farzandli bo‘ldi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar bergan.

Namanganlik 15 yoshli qiz Bishkekdagi Ona va bolani himoya qilish milliy markazi qoshidagi tug‘ruqxonada qiz farzand dunyoga keltirgan. Bu ma’lumotni Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh mutaxassisi Raisa Asilbasheva tasdiqlagan.

Unga ko‘ra, holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari shug‘ullanyapti.

Jurnal muqovasidagi mashhur afg‘on qizi Rimga ko‘chib o‘tgani ma’lum bo‘ldi

1985 yilda “National Geographic” jurnali muqovasida surati chop etilishi ortidan dunyoga mashhur bo‘lgan afg‘onistonlik ayol Sharbat Gula qochqinlarga yordam dasturi doirasida Italiya poytaxti Rimga borgan. Bu haqda Italiya hukumati sayti xabariga asoslanib xabar berilgan. 

Afg‘onistonda “Tolibon” harakati hokimiyatga kelganidan keyin u mamlakatni tark etishni so‘rab chiqqan. Italiya hukumati afg‘on notijorat tashkilotlari bilan birgalikda Gulaning Rimga ko‘chib o‘tishini ta’minlagan. 

JSST koronavirusning yangi shtammini dunyo uchun tahdid deb tan oldi 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning yangi shtammiga Omikron (yunoncha O harfi) nomini berdi. Mutaxassislar virusning yana bir turi shusiz ham infeksiya tarqalishiga qarshi kurashayotgan mamlakatlarga tahdid solishi mumkin degan xulosaga keldi. Bu haqda “Reuters” xabar bergan. 

JSST B.1.1.529 virusi bir qator mutatsiyalardan so‘ng organizmdagi oqsil tarkibiga ta’sir qilishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Muammo shundaki, hozirgi vaksinalar bu o‘zgarishda unchalik samarali bo‘lmasligi mumkin. 

Tojiklar norozilikni to‘xtatmayapti: ayni paytda Tojikistonda vaziyat qanday?

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon viloyati ma’muriy markazi — namoyish o‘tayotgan Xorug‘ shahrida vaziyat keskinligicha qolmoqda. Bu haqda Tojikiston kuch tuzilmalari xabar berdi.

Norozilik aksiyasi joriy yilning 25 noyabr kuni mahalliy fuqaro Gulbiddin Ziyobekovning politsiya tomonidan hibsga olinishi vaqtida halok bo‘lgani munosabati bilan boshlangan. 

“Xorug‘da vaziyat tarangligicha qolmoqda, Xorug‘dagi namoyishchilarning bir qismi 25 noyabr oqshomidan beri o‘z talablarining bajarilishini talab qilib tarqalmayapti”, deyilgan xabarda.

Sport

Juda taniqli shaxs – Gvardiola MYUning yangi murabbiyi haqida  

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola Ralf Rangnikning “Manchester Yunayted” murabbiyligiga tayinlanishiga o‘z munosabatini bildirdi.

“Leypsig”ning sobiq ustozi MYUning vaqtinchalik murabbiyiga aylanadi va yaqin orada ish boshlaydi.

“Men uni yaxshi tanimayman va bir marta telefonda gaplashganman. Rangnik “Leypsig” uchun ajoyib ishlar qilganini yaxshi bilaman. U Germaniyada katta tajribaga ega va juda taniqli shaxs, lekin shaxsan men u bilan uchrashmaganman”, deydi Gvardiola.

Babayan yana bosh murabbiylikka qaytdi 

O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan “Navbahor” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

U “lochinlar” bosh murabbiyi Viktor Jalilovga yordamchi sifatida ishlab kelayotgan edi. Shu tariqa Namangan jamoasi 2022 yilgi mavsumni Samvel Babayan murabbiyligi ostida boshlaydi. 

Yuventus rahbariyati tergov qilinadi

“Yuventus” prezidenti Andrea Anelli, vitse-prezident Pavel Nedved va sobiq sport direktori Fabio Paratichi tergovga chaqiriladi. Bu haqda “La Gazzette dello Sport” nashri xabar berdi.

Ular yolg‘on xabar berganlikda gumon qilinmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-2019 va 2020-2021 yilgi mavsumlarda klubning moliyaviy hisobotlari 50 million yevroga soxtalashtirilgan.

Turin politsiyasi tergov uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni olish uchun “Yuventus” shtab-kvartirasida tintuv o‘tkazgan. Hozirda moliyaviy va iqtisodiy politsiya mutaxassislari hujjatlarni o‘rganishda davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

250

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing