Bolgariyada milliy motam e’lon qilindi
Olam
−
15 mart
9778Bolgariya hukumati 78 yoshida vafot etgan Bolgariya pravoslav cherkovi patriarxi, Sofiya mitropoliti Neofit xotirasiga 15-16 mart kunlari milliy motam e’lon qildi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, patriarx 13 mart kuni kechqurun uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etgan. U bilan vidolashuv bugun, 15 mart kuni Aleksandr Nevskiy patriarxal soborida bo‘lib o‘tdi. Ertaga, 16 mart kuni dafn marosimi o‘tkaziladi. U Sveta-Nedelya cherkoviga dafn qilinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, patriarx Neofit (asl ismi Simeon Nikolov Dimitrov) 1945 yil 15 oktyabrda Bolgariya poytaxti Sofiyada tug‘ilgan. 1959 yilda o‘rta maktabni tugatgach, Sofiya diniy seminariyasiga o‘qishga qabul qilinadi. 1967-1971 yillarda Avliyo Klement nomidagi diniy akademiyada, 1973 yilgacha Moskva diniy akademiyasining cherkov qo‘shiqchiligi bo‘limida tahsil olgan. 1989 yilda Sofiyadagi Ilohiyot akademiyasining rektori, 1991 yilda esa Kliment Ohridskiy nomidagi Sofiya universitetining ilohiyot fakulteti dekani etib tayinlangan. 2013 yil 24 fevralda Sofiyadagi Patriarxal saylov cherkovi-Xalq kengashida u Bolgariyaning yangi patriarxi etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni Chilining sobiq prezidenti Sebastyan Pinera 74 yoshida vertolyot halokatida vafot etishi munosabati bilan mamlakatda milliy motam e’lon qilingan edi.
LiveBarchasi