Bobojonov: “2020 yilda IIB xodimlari 5 fuqaroga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi”
Jamiyat
−
15 avgust 2020
124102020 yilda bevosita vazirlikning o‘z xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5 holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborildi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Suhbat davomida Bobojonov Andijon va Chiroqchida yuz bergan holatlarga ham to‘xtalib o‘tdi hamda bu jinoyatlarni kechirib bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Joriy yil 30 mayda Andijon shahrida, yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kechirib bo‘lmas holatdir. Bu tizim sha’niga katta dog‘ tushirdi.
Ularning xatti-harakati – xalqning keng muhokamasiga, ichki ishlar organlariga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga va tizimda halol ishlayotgan minglab xodimlar mehnatini puchga chiqarishga sabab bo‘ldi”, deydi IIV rahbari.
Bobojonov agar ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan shaxsga nisbatan jarohat yetkazilganligi aniqlansa, bu favqulodda hodisa sifatida baholanishini va zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilishini qo‘shimcha qildi.
“Ilgari bunday salbiy holatlar ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilmasdi, aholi xabardor etilmasdi va bu bizning faoliyatimizga xolis baho berishga qaysidir ma’noda to‘sqinlik qilardi.
Ichki ishlar organlari xodimlari orasida, afsuski, o‘zinikini to‘g‘ri, deb bilib, noto‘g‘ri yo‘ldan borayotgan, o‘z manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo‘yadigan, adashgan xodimlar ham uchramoqda. Bundaylarni aniqlab, tizimdan bo‘shatyapmiz, ularning rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar ko‘ryapmiz.
Xususan, joriy yilda bevosita vazirlikning o‘z xavfsizligi xizmati xodimlari tashabbusi bilan fuqarolarni noqonuniy ushlab, zo‘ravonlik qilish bilan bog‘liq 5 holat aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar prokuratura idoralariga yuborildi”, deya ko‘rilgan choralar haqida ma’lumot berib o‘tdi vazir.
Joriy yilning o‘tgan davrida Ichki ishlar vaziri, vazir o‘rinbosarlari, vazirlikning sohaviy xizmatlari rahbarlarining har biri joylarda ikki-uch marta eng quyi bo‘g‘inda xizmat qilayotgan safdor xodimlargacha bo‘lgan darajadagi shaxsiy tarkib bilan tarbiyaviy-profilaktik yig‘ilishlar o‘tkazgan.
“Tadbirlarning yakuni bo‘yicha xizmat intizomini buzuvchi 822 nafar xodimning xatti-harakatlari mehnat jamoalari va xodimlarning oila a’zolari va ota-onalari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Natijada 173 nafari tizimdan bo‘shatildi, 114 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 65 nafar rahbarlar rotatsiya qilinib, boshqa lavozimlarga o‘tkazildi.
Shu bilan bir qatorda o‘zining kundalik xizmat faoliyati davomida boshqarlarga namuna bo‘lib kelayotgan xodimlarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirilib, tashakkurnomalar e’lon qilindi.
Fuqarolarning haq-huquqlari poymol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha ichki ishlar organlarida jami 473 ta alohida maxsus xona tashkil etildi. Hozirda ularning barchasi uzluksiz ishlaydigan video va ovoz yozish moslamalari bilan ta’minlangan.
Endilikda ichki ishlar organlariga olib kelingan har bir fuqaro bilan faqat shu xonada suhbat o‘tkazilishi va so‘roq qilinishi hamda ushbu jarayon videokameralarga uzluksiz yozib olinishi qat’iy belgilab qo‘yildi. Bu ishlar uchun joylardagi ichki ishlar organining birinchi rahbari va tergov bo‘limi boshlig‘i shaxsan mas’ul etib belgilanib, jarayon qattiq nazoratga olindi”, deydi Po‘lat Bobojnov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda amaliyotda uchrayotgan muammolar hamda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish natijasida, tergov sifatini oshirish maqsadida yosh tergovchilarni kamida ikki oy davomida sud amaliyotini o‘tash tartibi joriy etilmoqda. Natijada tergovchi sud muhokamasida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, kelgusida tergovni har tomonlama, to‘la va xolisona olib borishda e’tiborga olishi lozim bo‘lgan barcha jihatlarga alohida e’tibor qaratadi. Muhimi, mazkur amaliyot protsess ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlash uchun zamin yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyi oxirlarida Andijon shahrida IIBga o‘g‘rilik ayblovi bilan olib kelingan fuqaro qiynoqqa solinib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Oradan ikki haftaga yaqin shifoxonada yotganidan so‘ng vafot etdi.
Bundan avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida IIBdan qiynoqqa solingan fuqaroning o‘ligi chiqqandi.
Har ikki holat ham o‘zbek siyosiy elitasining diqqatini tergovchilarning beboshligi va tergovdagi qiynoqlarga qaratgandi.
LiveBarchasi