Po‘lat Bobojonov Prezident maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan bo‘shatildi

Jamiyat

image

Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining tegishli farmoni imzolandi.

Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Po‘lat Razzoqovich Bobojonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi tuzilmasini maqbullashtirish ishlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimi va uning bo‘linmasi tugatildi.

Bundan tashqari, farmonga muvofiq davlat mukofotlari va geraldika sohasida yagona davlat siyosatini yuritish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Komplayens xizmatining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishi sifatida belgilandi.

Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini yanada oshirish esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘linmasining qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishi etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, Po‘lat Bobojonov 1961 yil 1 yanvarda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 1982 yil Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan, shundan keyin Xorazm viloyatida prokuratura organlarida ishlay boshlagan. 

U 1992-1999 yillarda Bog‘ot tumani hokimining birinchi o‘rinbosari va Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1999 yilda Prezident devoniga ishga o‘tkazilgan.

2000-2011 yillar davomida prokuratura organlarining rahbarlik lavozimlarida – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i, Jizzax va Buxoro viloyatlari prokurori bo‘lib ishlagan.

2011 yilda Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2012 yilda Xorazm viloyati hokimi lavozimida ish boshlagan.

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 4 sentyabrdagi farmoni bilan Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangandi. Unga 2019 yil 12 sentyabrda general-leytenant maxsus unvoni berilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni 2017 yildan beri Ichki ishlar vaziri sifatida ishlab kelgan Po‘lat Bobojonov lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng u Prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ish boshladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing