BMT Rossiyaga qarshi yana bir hujjat qabul qildi

Olam

image

BMT Bosh Assambleyasi Ukrainadagi gumanitar vaziyat bo‘yicha Rossiyaga qarshi ikkinchi rezolyutsiyani qabul qildi.

Rezolyutsiya AQSH, Ukraina, Buyuk Britaniya, Gruziya, Germaniya, Litva va Latviya kabi qator davlatlar hammuallifligida ishlab chiqilgan. Hujjat Meksika va Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashida o‘z rezolyutsiyasini qabul qila olmaganidan keyin tayyorlangan.

Rezolyutsiyani yoqlab 140 davlat ovoz berdi, 38 davlat betaraf qoldi, Belarus, Eritreya, Shimoliy Koreya, Rossiya va Suriya hujjatga qarshi chiqdi. Betaraf qolganlar orasida Armaniston, Jazoir, Xitoy, Markaziy Afrika Respublikasi, Kuba, Efiopiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mali, Nikaragua, Pokiston, Janubiy Afrika, Sudan, Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa bir qator davlatlar bor.

Dastlab Xavfsizlik Kengashida qabul qilinishi rejalashtirilgan gumanitar loyiha Rossiyani qoralovchi siyosiy baholarni  o‘z ichiga olgandi va shuning uchun Rossiya Federatsiyasi unga veto qo‘yib, ma’qullanishini imkonsiz qilib qo‘ydi.

Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya Rossiya Federatsiyasidan Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi. Unda ta’kidlanishicha, Rossiyaning Ukraina hududiga harbiy hujumi va uning gumanitar oqibatlari xalqaro hamjamiyat Yevropada o‘nlab yillar davomida ko‘rmagan darajaga yetmoqda. Bundan tashqari, rezolyutsiyada BMT Bosh Assambleyasining 2 martda qabul qilingan rezolyutsiyasiga rioya qilishga chaqirilgan. Unda Rossiyani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirilgan hamda Rossiya Federatsiyasining yadroviy kuchlarining tayyorgarligini oshirish qarori qoralangan.

Qabul qilingan rezolyutsiyada BMT Bosh Assambleyasi Ukraina shaharlari, xususan, Mariupolning blokadaga olinishi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirayotganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh Assambleyasi 2 mart kuni ham Ukraina bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan edi. Unda Rossiyaning harakatlari qoralangan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Rossiyaning Ukraina bo‘yicha ishlab chiqqan rezolyutsiyasi ham BMT Xavfsizlik Kengashida yetarlicha ovoz ololmay, qabul qilinmadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing