BMT Inson huquqlari kengashi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston taqdim etgan rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
11 Oktabr
2192Kecha, 10 oktyabr kuni BMT Inson huquqlari kengashining 57-sessiyasida ishtirokchi davlatlar oiladagi zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan qo‘shma rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston tashabbusi kengashda ishtirok etayotgan barcha davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Qirg‘iziston delegatsiyasi rezolyutsiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad oiladagi zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlarining oldini olish va yo‘q qilishga qaratilgan jahon standartlarini shakllantirish ekanini aytgan.
Shuningdek, oiladagi zo‘ravonlik muammosi chegaralar va madaniy tafovutlardan oshib, dunyoning barcha burchaklaridagi odamlarga ta’sir qilishi ta’kidlangan.
"Rezolyutsiya barcha a’zo davlatlar tomonidan e’tirof etilgan va qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilish hamda ayollar va qizlar xavfsizligini ta’minlashda xalqaro hamjamiyatning birdamligini namoyish etadi" deb yozadi Tashqi ishlar vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 fevral kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tarafidan ilgari surilgan "2027 yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili" rezolyutsiyasi bir ovozdan ma’qullangandi.
LiveBarchasi