Bloger Varlamovning tanqididan so‘ng poyezd xodimlari jazolandi
Jamiyat
−
21 may 2023
25451Rossiyalik bloger Ilya Varlamov Samarqanddan Toshkentga qatnaydigan poyezddagi sharoitni tanqid qilib chiqqandi. Uning bu tanqidiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, bloger Ilya Varlamov joriy yilning 18 fevral kuni 11-sonli “Sharq” “Buxoro – Toshkent” yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdining “Samarqand – Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan.
Keltirilishicha, uning tanqididan so‘ng tezkor yig‘ilish o‘tkazilgan. Ko‘rsatilgan kamchiliklar yuzasidan ushbu sanada xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poyezd boshlig‘iga qat’iy intizomiy jazo qo‘llanilib, yo‘lovchi poyezdlarda servis va xizmat ko‘rsatish qoidalari haqida qayta ko‘rsatmalar berib o‘tilgan.
Hozirgi kunda barcha yo‘nalishlar harakati davomida yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishini tekshirish maqsadida ishchi guruh qo‘shimcha faoliyatini boshladi, deyiladi rasmiy izohda.
Shuningdek, videolavhada aytib o‘tilgan yo‘nalishning chipta narxi 100 AQSH dollaridan oshiqligi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aytib o‘tildi.
Aniqlanishicha, bloger mazkur yo‘nalish uchun chiptani Rossiya Federatsiyasining “RJD” saytidan elektron tarzda 4213,9 rublga rasmiylashtirgan. Mazkur vagon lyuks toifasida bo‘lib, 4 ta kupedan iborat va faqat 8 ta yo‘lovchi uchun xizmat ko‘rsatadi. Ushbu yo‘nalish chipta narxi 385 980 so‘m hisoblanadi.
“Hurmatli yo‘lovchilar, o‘z tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ishonmasligingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Ilya Varlamov joriy yilning 8 mart kuni Turkmaniston fuqaroligini olganini e’lon qilgandi. Lekin oradan bir kun o‘tib, bu xazil ekani, qanday qilib bunday mamlakat fuqaroligini olishni xohlash mumkinligini tushinmasligini aytgan. Shundan so‘ng, uni Rossiya Adliya vazirligi “xorijiy agent” deb e’lon qildi.
LiveBarchasi