Bloger Olimjon Haydarovga chiqarilgan hukm yana o‘zgarishsiz qoldirildi
3-sahifa
−
13 mart
7008Bloger Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
11 mart kuni Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi Olimjon Haydarovga nisbatan chiqarilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining 2023 yil 1 dekabrdagi hukmi hamda Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 28 dekabrdagi ajrimini o‘zgarishsiz qoldirdi.
Bildirilishicha, ushbu ajrim ustidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat yoki protest berilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, bloger Olimjon Haydarov 2023 yilning 29 iyul kuni jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi. 1 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarov ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sud hukmi o‘qildi.
E’lon qilgan hukmga ko‘ra:
Olimjon Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilib, Olimjon Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi Olimjon Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.
Jabrlanuvchi S.M.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirilgan.
28 dekabr kuni blogerning himoyachisi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining 2023 yil 1 dekabrdagi hukmi ustidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyati ko‘rib chiqildi. Biroq Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz va shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
LiveBarchasi