Olimjon Haydarovga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldirildi
3-sahifa
−
29 dekabr 2023
8495Kecha, 28 dekabr kuni bloger Olimjon Haydarovning himoyachisi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining 2023 yil 1 dekabrdagi hukmi ustidan apellyatsiya tartibida berilgan shikoyati ko‘rib chiqildi. Farg‘ona viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz va shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 1 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarov (1989 yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, bloger, “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MCHJlari direktori, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilingan edi.
E’lon qilgan hukmga ko‘ra:
Olimjon Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilib, Olimjon Haydarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi Olimjon Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.
Jabrlanuvchi S.M.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirilgan.
LiveBarchasi