Bloger Olimjon Haydarovga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
01 dekabr 2023
19029Bugun, 1 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida Olimjon Haydarov (1989 yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, bloger, “Turon mujdasi” va “Turon valley media” MCHJlari direktori, muqaddam sudlanmagan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi Avazbek Ergashev e’lon qilgan hukmga ko‘ra, Olimjon Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi chiqarilgan. Biroq u Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi, 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi Olimjon Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.
“Jabrlanuvchi S. M. ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, bloger Olimjon Haydarov shu yilning 29 iyul kuni jinoyat sodir etganlikda gumonlanib, huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi