Olimjon Haydarovning sudi boshlandi. Sud advokatning iltimosini rad etdi
3-sahifa
−
31 Oktabr 2023
9437Bugun, 31 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarov (1989 yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, bloger, muqaddam sudlanmagan)ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi Avazbek Ergashev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.
Sud majlisi ochiq deb e’lon qilingach, dastlab sudlanuvchining himoyachisi tomonidan sud jarayoni mobaynida audio va videoyozuvni amalga oshirish haqidagi iltimosnomasi yuzasidan taraflar fikri tinglangan. Jinoyat ishi doirasidagi jabrlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar ommaga oshkor etilishini xohlamasligi bois iltimosnomani rad qilish haqidagi fikrlari inobatga olinib, sud sudlanuvchining himoyachisi keltirgan iltimosnomani rad qilish haqida ajrim chiqardi.
“Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rilayotganligi bois jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari unda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkin”, deydi Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.
Eslatib o‘tamiz, Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilingan.
Oliy sud saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, da’vogarlar orasida Qo‘qon shahri hokimi Ma’ruf Usmonov ham bor.