Olimjon Haydarovning sudi sanasi o‘zgardi
3-sahifa
−
30 Oktabr 2023
4688Bloger Olimjon Haydarovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha ilk sud majlisi avval belgilanganidek, joriy yilning 30 oktyabr kuni emas, balki 31 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi ma’lum qildi.
Bo‘lim tomonidan “fargona-jurnalist.uz” saytiga joylashtirilgan “Sud jarayoni kuzatib boriladi” nomli xabarda Farg‘ona viloyati sudining axborot xizmati ma’lumotiga tayanib qayd etilishicha, sudlanuvchining himoyachisi Jabborovning sudga kiritgan iltimosnomasi tufayli sud 31 oktyabr kuni soat 11:00 ga ko‘chirilgan.
Avval xabar qilinganidek, bloger Olimjon Haydarovning ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi Avazbek Ergashev tomonidan ko‘rib chiqiladi. Sud jarayoni ochiq bo‘lishi aytilmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi sud jarayoni qanday kuzatib borilishiga aniqlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, Haydarovga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi (ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish), 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish), 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish), 165-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, ko‘p miqdorda tovlamachilik qilish) bilan ayb e’lon qilingan.
Oliy sud saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, da’vogarlar orasida Qo‘qon shahri hokimi Ma’ruf Usmonov ham bor.
LiveBarchasi