Blinken Turkiya va arab davlatlari G‘azoni qayta qurishga tayyorligini aytdi 

Olam

image

To‘rt arab davlati va Turkiya hukumati Amerika Qo‘shma Shtatlarini Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urush tugaganidan keyin G‘azo sektorini rekonstruksiya qilish va anklavni boshqarishni rejalashtirishda hamkorlik qilishga tayyor ekaniga ishontirdi. Bu haqda Yaqin Sharq bo‘ylab safarda bo‘lgan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.

Blinken Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiya G‘azoning kelajagini rejalashtirishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishini aytgan. 

“Mamlakat yetakchilari G‘azodagi vaziyatni barqarorlashtirish va tiklash, falastinliklar uchun siyosiy yo‘lni belgilash hamda butun mintaqada uzoq muddatli tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida harakat qilish uchun hamkorlik qilish va harakatlarimizni muvofiqlashtirishga kelishib oldi”, dedi Blinken.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mintaqa mamlakatlari rahbarlari zimmasiga kerakli mas’uliyatni olishga, maqsadlarni amalga oshirish va mintaqadagi o‘z qarashlarini ilgari surish uchun murakkab qarorlar qabul qilishga tayyor. 

"Men mojaroning tarqalishining oldini olishga qat’iy qaror qilgan va bu mojaroning kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik va kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilayotgan rahbarlar bilan uchrashdim", deya qo‘shimcha qiladi AQSH Davlat kotibi.

Blinken mintaqa davlatlari G‘azoning kelajagida qanday rol o‘ynashi mumkinligiga oydinlik kiritmadi. 

”Associated Press” agentligiga ko‘ra, boy davlatlar – BAA va Saudiya Arabistonining moliyaviy yordami har qanday variantni amalga oshirish uchun foydali bo‘ladi. 

Blinken 9 va 10 yanvar kunlari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Falastin Prezidenti Mahmud Abbos bilan ularning oldidagi majburiyatlari haqida gapirmoqchi. Shundan so‘ng Amerika diplomatiyasi rahbari Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan G‘azoni qayta tiklash, arab davlatlari va Turkiya pozitsiyasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Blinken G‘azoda urush boshlangandan beri mintaqaga qilgan to‘rtinchi safari davomida Turkiya, Gretsiya, Iordaniya, Qatar, BAA va Saudiya Arabistoniда bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Turkiya Saudiya Arabistoni BAA Qatar Iordaniya Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing