Blinken KXDR Rossiyaga qurol berayotganini isbotlay olishini aytdi

Olam

image

AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiya KXDRdan Rossiyaga o‘q-dorilar va harbiy texnika yetkazib berilganiga oid dalillarga ega ekanini ma’lum qildi. Bu haqda uch mamlakat Tashqi ishlar vaziri tegishli bayonot bilan chiqdi.

“Biz hozir tasdiqlashimiz mumkinki, ushbu qurol yetkazib berish allaqachon amalga oshirilgan”, deydi AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Pak Chin va Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yoko Kamikava.

Bayonotda vazirlar Ukraina hukumati va xalqiga qarshi ishlatiladigan harbiy texnika va o‘q-dorilarni yetkazib berishni keskin qoralagan. Tashqi ishlar idoralari rahbarlari Vashington, Seul va Tokio Kiyevni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga va’da bergan.

Blinken, Park Chin va Kamikava Shimoliy Koreyaning boshqa davlatlar bilan harbiy hamkorligi uning yadro quroli va ballistik raketa texnologiyalarini qo‘lga kiritishiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan. 

“Bu xalqaro hamjamiyatning Koreya yarim oroli va mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha olib borayotgan sa’y-harakatlarini xavf ostiga qo‘yadi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa Vashingtonning Pxenyan Moskvaga harbiy yordam berayotgani haqidagi da’volarini mish-mishlar deb atagan. O‘z navbatida, Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga joriy yilning sentyabr oyida ikki davlat rahbarlari Vladimir Putin va Kim Chen In o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi va KXDR o‘rtasida hech qanday kelishuv, jumladan, harbiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha bitim imzolanmagani haqida ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga borgan, Prezident Putin bilan uchrashgan va mamlakatdagi bir qancha harbiy ob’ektlarni ko‘zdan kechirgandi. Rossiya va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyani хавотирга solgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Kim Chen In Janubiy Koreya Yaponiya KXDR Entoni Blinken

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing