Blinken Istanbulga yetib bordi
Olam
−
06 yanvar
5134Kecha, 5 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Istanbulga bordi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.
Davlat kotibi va uning hamrohligidagi delegatsiya bo‘lgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 19:10 da Istanbul aeroportiga qo‘ndi.
Blinkenni aeroportda Turkiya Tashqi ishlar vazirligining AQSH Siyosiy ishlar boshqarmasi rahbari Yaprak Balkan, AQSHning Anqaradagi elchisi Jeffri Fleyk, AQSHning Istanbuldagi bosh konsuli Juli Iade, Istanbul aeroporti fuqarolik boshqarmasi rahbari Ilker Haktankachmaz va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Qayd etish joizki, Turkiyada jamoatchilik xorijlik mehmonlar, xususan, AQSH vakillarining uchrashuvlari protokolini diqqat bilan kuzatib boradi. Salomlashish yoki muayyan imo-ishoralarning nyuanslari Turkiya tomonining kayfiyatini va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar holatini aks ettiradi, deb ishoniladi.
Bugun, 6 yanvar kuni AQSH Davlat kotibi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan bilan uchrashib, Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari, mintaqaviy muammolar va ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilishi kutilmoqda.
CNN Turk xabariga ko‘ra, Blinken Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan ham qabul qilinishi mumkin. Tomonlar Shvetsiyaning hali Turkiya tomonidan ma’qullanmagan NATOga a’zo bo‘lish arizasi, Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotilishi, Egey dengizidagi kuchlar muvozanati va harbiy mavjudlik muammosini muhokama qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Blinken Turkiyaga borganida u “diplomatik tarsaki” bilan kutib olingandi. Uni kutib olish uchun yuqori martabali amaldorlar chiqmagan, aeroport VIP zali tashqarisidagi chiroqlar o‘chirilgandi. Bundan tashqari, Blinkenning Turkiya TIV binosigacha bo‘lgan yo‘nalishi bo‘ylab ko‘priklardan birida mahalliy aholi HAMASning harbiy qanoti vakili Abu Ubayda tasvirlangan plakatni osib qo‘ygandi.
LiveBarchasi