Biznes-ombudsman Yunusoboddagi “dod-voy”lar bo‘yicha o‘rganish boshladi
Jamiyat
−
28 yanvar 2022
10092Toshkentning Yunusobod tumanida sud qarorisiz buzilishi boshlangan inshootlar Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Biznes-ombudsman Matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Yunusobodning yangi hokimi ishni “snos”dan boshladi...mi?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingandi. Unda 2018 yilning 24 avgust kuni Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov tumanning Moyqo‘rg‘on ko‘chasi 6-uy oldida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida 0,20 gektarli (chegara rejasiga asosan) “ASIA GAMMA LINE” MCHJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida yengil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi qarorni imzolagani, tadbirkorlar esa shu qaror asosida qurilish ishlarini olib borgani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari allaqachon ish boshlab, oradan vaqt o‘tgach, joriy yilning 25 yanvar kuni inshootlarni buzishga kirishilgani, “snos” jarayonida prokuratura, hokimlik vakillari tomonidan hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagani yozilgan edi.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Yunusobodda tadbirkorlar faoliyatiga bu tarzda to‘sqinlik qilish va bir necha sonida yillar davomidagi mehnati evaziga qurgan binosining kunini ko‘kka sovurish birinchi marta uchrayotgani yo‘q. 2021 yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgan holat, uning ortidan o‘ziga berilgan hayfsandan xulosa qilmagan, hayotiy dars olmagan prokuratura xodimi Umid Azizov galdagi “snos”da ham bosh-qosh va bu safar ham tadbirkorlarga buzish haqida hech qanday rasmiy hujjatni taqdim etmagan. Atrofni o‘rab olgan huquq-tartibot organi – ichki ishlar xodimlari ham tadbirkorlarning huquqlari toptalayotgan joyda ularni himoya qilmay, aksincha, topshiriqqa ko‘ra, kuch ishlatib, qarshi chiqqanlarni mashinaga solib, idoraga olib ketgan. Qizig‘i shundaki, sentyabrda ro‘y bergan voqeada Umid Azizov qatorida ichki ishlar xodimlari ham bo‘lgan va ularga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Oradan 4 oydan ortiq muddat o‘tdi hamki, tekshiruv natijalari e’lon qilingani yo‘q.
Mazkur holat tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, jamoatchilik tomonidan ham keng muhokama qilindi. Holat bugun, 28 yanvar kuni Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olingani haqida rasmiy bayonot berildi.
“Mazkur murojaat Biznes-ombudsman tomonidan belgilangan tartibda o‘rganib chiqish uchun qabul qilinib, holatga aniqlik kiritilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.
Yunusobod tumani 6-mavzeda bo‘lgan buzilishdan aziyat chekkan tadbirkorlar faryodi va hokimlik vakilining izohini QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanali, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi