Yunusobodning yangi hokimi ishni “snos”dan boshladi...mi?
Tahlil
−
27 yanvar 2022
1177325 yanvar. Butun O‘zbekiston 20 soat davomida “svet”siz qoldi. Hatto, poytaxt Toshkent ham zulmatga cho‘mib, respublika rahbariyati energetika sohasidagi muammolarni bartaraf qilish, odamlarni tinchlantirish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda “snos”ni “kasb” qilib olganlar eski “qilmish”larini takrorladi. Echkiga jon qayg‘usi, qossobga moy qayg‘usi deb shuni aytishsa kerak.
2018 yilning 24 avgust kuni Yunusobod tumani hokimi B.Abdusamatov tumanning Moyqo‘rg‘on ko‘chasi 6-uy oldida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida 0,20 gektarli (chegara rejasiga asosan) “ASIA GAMMA LINE” MCHJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida yengil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi qarorni imzolaydi.
Hokimning ushbu qaroriga ishongan tadbirkorlar otni qamchilaydi. Avval bolalar maydonchasi quriladi, so‘ng do‘konlar. 2020 yilga kelib ular o‘z ish faoliyatini boshlaydi. Biroq qo‘lida hokimning qarori bo‘lsa ham kadastr ololmaydi, paysalga solinadi. Oradan vaqt o‘tib, 2022 yilning 25 yanvar kuni mazkur hududda qad rostlagan 13 binoni buziga kirishiladi. Qiy-chuv, qarshilik, baqir-chaqir... Ishlab turgan do‘konlar ustiga ekskavator tortildi.
Mulk egalari inshootlar sud qarorisiz buzilganidan norozi bo‘lib, QALAMPIR.UZ’ga murojaat qildilar. Ularning aytishicha, binolar qurilib, foydalanishga topshirilguncha ularga hech qanday e’tiroz bo‘lmagan. Buzishga kelganda ham hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagan.
QALAMPIR.UZ hammasiga aniqlik kiritish va o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘lish maqsadida voqea joyiga yetib bordi va tadbirkorlar bilan muloqot qildi.
“Uningni chiqarma, jim o‘tir”
Saida’lo Najmiddinov, tadbirkor: — Yunusobod tuman hokimi vazifasini bajaruvchi B.Abdusamatovning 2018 yil 24 avgust kuni bergan qarorida hudud va uning atrofini obodonlashtirish, bolalar maydonchasi qurish va yengil konstruksiyali do‘konlar qurish uchun ruxsat berilgan. Hokimlik talablarini buzmagan holda do‘konlar qurilgan va shu vaqtgacha ular tomonida hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan. 25 yanvar’ kuni soat 12:00 lar atrofida do‘konlarimiz buzilayotganidan xabar topdik. Kelganimizda ekskavatorlar bilan do‘konlarni buzish boshlangandi. Prokuratura va ichki ishlar xodimlari ham bunga guvoh bo‘lishdi va buzilish boshida turishdi, desam ham bo‘ladi. Prokuratura xodimi Umid ismli shaxsdan “Buzish haqida hujjat bormi?”, deb so‘raganimizda hech qanday hujjat taqdim etmadi, balki tezroq buzish kerakligi, kimdir halal bersa, prokuraturaga olib ketishi haqida aytdi. Shaxsiy telefonimizga jarayonni tasvirga olishimizda ham qarshiliklar ko‘rsatildi.
“Menman o‘sha millat Umidi”
Xurshid Najmiddinov, tadbirkor: — Buzilish ishlariga qarshilik qilishga harakat qildim. Men va boshqa qarshilik ko‘rsatganlarni PPX mashinasiga o‘tkazib, olib ketishdi. Prokuraturaga bordik. Ariza ham olishmadi. Shunchaki 3-4 soat ushlab o‘tirib, chiqarib yuborishdi. Eng achinarlisi, bizni hech kim eshitmadi. Qo‘lida qarori ham yo‘q. “Kimsan, nega buzasan?”, desak “Umidman, men javob beraman”, deb turdi. O‘zi hech qayerda “svet” yo‘q, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘layotgan bir vaqtda, do‘konlar buzildi. Achinarlisi, do‘konlarni bo‘shatib olish uchun ham imkoniyat berishmadi. Indamasak, odamlarning ustiga ekskavatorni haydashardi. Xullas, bizni eshitishni umuman xohlashmadi. Aksincha, bizga nisbatan kuch ishlatib, ayollarni telefonlarini olib qo‘yishga harakat qilishdi.
“Qo‘porilgan 40 qozon”
Zuhriddin Meliyev, tadbirkor: — Biz o‘z mulkimizni himoya qilishga majbur bo‘ldik. Kechasi bilan uyga ketmasdan, do‘kon oldiga mashinalarni qator terib qo‘yib, do‘konlarimizning oldida o‘tirdik. Do‘konlarni buzish haqida bizni hech kim ogoxlantirmagan. Bu do‘konlarda 40 ga yaqin fuqaro ishlab, qozon tebratadi. Biz do‘konlarimiz buzilishiga qarshi chiqqan, shu yerdan rizq topadigan xodimlarni ham himoya qilishga urindik.
“Bo‘ldi, uzr!”
Sardor Ro‘ziyev, tadbirkor: — Bu joy hujjatsiz bo‘lgan taqdirda ham hokimiyat birinchi navbatda sudga murojaat qilishi kerak edi. Sudning qarori bilan kelib tadbirkorlar ogohlantirilishi kerak. Ammo hech qanday muddat va asossiz zo‘ravonlik yo‘li bilan bugungi kunda Prezidentimiz olib borayotgan siyosatga xiyonat qilgan holda do‘konlarni buzishmoqda. Qachongacha bir tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashni o‘rniga zo‘ravonlik yo‘li bilan ish yuritishadi? Masalan, bu holatdan keyin qanchadan qancha odamlar ishsiz qoldi. Shu tadbirkorlar tomonidan davlat g‘aznasiga soliq to‘lanayotgan edi. Buning orqasidan hukumat ham xalq ham zarar ko‘rmoqda.
Har qanday buzilish hujjat asosida bo‘lishi lozim. Tadbirkor ham inson, tushunadi. Agar noqonuniy bo‘lsa “Bo‘ldi, uzr”, deb tushunganini aytar edi. Jamoat oldida, kerak bo‘lsa, tegishli tashkilotlar oldida bu masala muhokama qilinishi kerak. Qachongacha O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlarga nisbatan bunday munosabatda bo‘lishadi?
Tadbirkor “Bo‘sh ish o‘rni yarataman”, deb biron ishga pul tiksa-yu ertaga hukumat kelib uni buzsa, sarson-sargardonlikda yuravermaydi-ku. Bu jarayonlarni yuqoridan kuzatib boradigan inson ham bo‘lishi kerak-ku.
Hokim va prokuror tumandagi ishlardan xabardormi?
Murod Maqsudov, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati boshqaruv kengashi a’zosi: — Menga 25 yanvar kuni soat 14:00 dan keyin Yunusobod tumani 6-dahada joylashgan savdo majmualarining buzilishi bo‘yicha tadbirkorlar murojaat qildi. Men voqea joyiga yetib kelganimda hokimiyat, prokuratura va IIB xodimlari tomonidan fuqarolarning e’tiroziga qaramay, do‘konlar buzilayotgan edi.
Prokuraturaning ikkinchi sektor kotibi Umid Azizovdan nimaga asosan buzilayotgani aks etgan hujjatni so‘raganimizda, hech qanday hujjat yo‘qligi va yuqoridan buyruq bo‘lganini aytdi. Lekin biz fuqarolar bilan birgalikda harakat qilib, do‘kon buzilishini to‘xtatdik. Yunusobod hokimining 2018 yildagi qaroriga asosan obodonlashtirish va yengil konstruksiyali maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish uchun ruxsat berilgan. Tadbirkor buni amalga oshirgan va loyiha smetalarini ham qilgan, ammo ayrim bahonalar asosida kadastr hujjati qilib berilmagan.
Bu yerdagi qurilmalar shaxsiy mulk hisoblanadi. Lekin Vazirlar Mahkamasining 467- (Aholi punktlarini qurishda shaharsozlik va yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga, shuningdek tadbirkorlik maqsadlari uchun yer ajratish tartibini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida) qarori bilan, shaharsozlik kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasining 911-sonli (Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida) qaroriga asosan yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki yoki turgan yeri davlat yoki jamoat ehtiyoji uchun olib qo‘yilgan taqdirda kompensatsiya, to‘lanmaguniga qadar hech qanday buzish jarayonini amalga oshirish mumkin emas.Hokimiyat protokol asosida noqonuniy deb topganidan keyin, sudga murojaat qilgan holda barcha qurilmani buzishga haqli. Bu yerda insonlarning shaxsiy va mol-mulklari daxlsizligi huquqlari poymol qilingan. Hozir biz Yunusobod hokimiyatiga bordik. Yunusobod prokuraturasiga murojaat qildik. Lekin biz bilan hokim ham prokuror ham bahonalar qilib uchrashgani yo‘q. Bu holat bugungi kunda prokuratura tomonidan tekshirilayotgani aytildi. Lekin Prokuratura va IIB tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri qonunbuzarlik bo‘lmoqda. Biz Bosh prokuraturaga ham IIBga ham ariza bilan murojaat qilganmiz.
“Bollarda ayb yo‘q”
“Snos” masalasida tadbirkorlar fikrini tingladik, surishtiruv xolis bo‘lishi uchun Yunusobod tuman hokimligiga yo‘l oldik. Do‘konlar buzilishidan oldin tadbirkorlarga ogohlantirish xati berilganmi? Tadbirkorlarning mol-mulk daxlsizligi buzilmayaptimi? “Snos”da bosh-qosh bo‘layotganlarning qo‘lida asosli hujjatlari bormidi? Tadbirkorlar noqonuniy qurilish qilgani ham rost desak, prokuratura xodimining noqonuniy, ustiga-ustak zo‘ravonlik yo‘li bilan buzdirishi qaysi qonunga to‘g‘ri keladi? Aynan shu savollar bilan Yunusobod tumani hokimiyatiga murojaat qildik. Murojaatlarimizga oradan bir sutka o‘tib, sado keldi. Shunda ham hokim yoki buz-buz va qurilishlarga mas’ul o‘rinbosarlar qolib, savollarga javob berish o‘roqda yo‘q, boshoqda yo‘q mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Davron Sultonovga yuklandi. Quyosh yer atrofida aylanganidek, Sultonov ham aniqlaymiz, o‘rganamiz degan javoblar atrofida aylandi, charchamadi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — 25 yanvar kuni Yunusobod tumani 2-mavzeda tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan do‘konlar buzdirilganidan hokimlikning xabari bormi?
Davron Sultonov, Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari: — Albatta, kecha tadbirkorlarni qabul qildik va ular bilan gaplashib, tushuntirish ishlarini olib bordik. Tadbirkorlar tomonidan hujjatlar taqdim qilindi. Bu masala prokuratura tomonidan o‘rganilib, qonuniy xulosa berilganidan keyin, shunga qarab ish yuritiladi. Hozir buzish ishlari to‘xtatilgan. Tadbirkor ham to‘g‘ri tarzda o‘z huquqlarini talab qilib keldi. Hammasini tushuntirdik. Tadbirkorlarning qo‘lida tuman hokimning 2018 yilda chiqargan qarori bor ekan. Ish ko‘rib chiqilib, qonuniy va huquqiy baho beriladi. Bu yerda kimningdir huquqini poymol qilish yoki boshqa narsa yo‘q. Kimki noto‘g‘ri ish qilgan bo‘lsa, barchasi javobgarlikka tortiladi.
F.N.: — Tuman hududida buzilishi kerak bo‘lgan binolarni buzishga kim buyruq beradi?
D.S.: — Har bir bino buzilishidan avval qurilish bo‘limida o‘rganib chiqiladi. Agar ish noqonuniy bo‘lsa, ogohlantirish xati beriladi.
F.N.: — 6-mavzedagi do‘konlarni buzish uchun tadbirkorlarga ogohlantirish xatlari berilganmi?
D.S.: — Bu haqda aniq ma’lumotim yo‘q. Prokuratura tomonidan qonuniy xulosa berilganidan keyin hammasi aniq bo‘ladi va qonuniy yechim topiladi. Shuning uchun ozgina sabrli bo‘lish kerak.
F.N.: — Tekshiruv ishlari olib borilib, natijada haqiqat tadbirkorlar tomonda bo‘lsa, buzilgan do‘konlar uchun kompensatsiya puli beriladimi?
D.S.: — Huquqiy baho berilganidan so‘ng, ayb kimda bo‘lsa, noto‘g‘ri ish qilgan odamga “noto‘g‘ri qilding”, deb aytiladi. Bir narsani ham to‘g‘ri tushunish kerak: tumanda 10 mingga yaqin tadbirkorlar bo‘lsa, ishi qonuniy tarzda yuritilsa, ularga hech kim tegmaydi. Demak, ayrim sabablar bordirki, shunday ishlar bo‘ldi. Siz bilan biz aniqlik kiritilishini kutishimiz kerak. Hamma tadbirkorlarning do‘koni buzib tashlanayotgani yo‘q-ku.
F.N.:— Do‘konlar buzilayotgani haqidagi videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘pchilik muhokama qilganidan so‘ng, hokimlik vakillari tomonidan buzilish ishlari to‘xtatilishi juda qiziq. Nima uchun barcha hujjatlar o‘rganilib, keyin buzilmaydi?
D.S.: — O‘zbekistonda shuncha tadbirkor bo‘lsa, faqat “buz-buz” bo‘layotgani yo‘q. Masalaning yechimi topilganidan keyin, ishning noto‘g‘ri qilingani aniqlansa, aybdor javobini beradi. Prokuratura nazorat qiluvchi organ. Hammasini tushuntirib, ko‘rsatib beradi. Kecha tadbirkorlar bilan gaplashdim. Tadbirkorlar ham hammasini to‘g‘ri tushundi. “Mana, gaplashsa bo‘lar ekan-ku”, dedi. “Sabr qiling, nima bo‘lsa hammasini qonuniy hal qilamiz”, dedim. Bizni maqsadimiz xalqqa to‘g‘ri tushuntira bilish. Bugungi kunda tadbirkorlarga hamma imkoniyatlar yaratilgan.
Xalqda “onangni qozi so‘ksa, dardingni kimga aytasan”, degan gap bor. Yunusobodda noqonuniy binolar qirg‘ini, snos, buz-buzlarga birinchi marta duch kelayotganimiz yo‘q. An’anaga aylangan holat, An’anaga aylangan odamlar. Bosh rolda yana prokuratura xodimi Umid Azizov.
Biz bekorga bu holatni “an’anaviy”, Umid Azizovni esa “bizga qadrdon”, deyotganimiz yo‘q. 2021 yilning sentyabr oyida ham aynan shunday holat ro‘y bergan edi. Bunda Prokuratura xodimi Umid Azizov nafaqat fuqarolarga, balki QALAMPIR.UZ jurnalisti va tasvirchisiga ham qarshilik ko‘rsatib, uning kamerasini olib qo‘ymoqchi, o‘zini esa Ichi Ishlar idoralariga yubormoqchi bo‘lgan. Ammo uning urinishlari zoye ketdi. Oqibatda esa, janob Azizovga hayfsan jazosi tayinlandi. Ko‘rinib turibdiki, Azizov o‘tgan voqealardan hali xulosa chiqarmagan. U eski odatini oradan to‘rt oy o‘tib yana takrorladi.
Yuqoridagi suhbatlardan ko‘rinib turibdiki, bugun nafaqat tadbirkorlar balki tuman hokimiyatining o‘zi ham ish bo‘yicha adolatli qarorni huquq tartibot organlaridan kutmoqda. Bunga mas’ul organ, prokuratura xodimining o‘zi noqonuniy xati-harakatlar qilib turgan bo‘lsa, dardingizni kimga aytasiz? Yunusobod hokimligidagilar esa qachongacha tumanda bo‘layotgan hodisalarni OAVdan eshitadi-yu, qachongacha prokuraturadan javob kutib yashaydi? Yoki tumanda boshqaruv shu qadar izdan chiqqanmi?
Hokimbuva qayerdasiz?
LiveBarchasi