Yunusobodda yana “snos”. Bosh rolda prokuratura xodimi Umid Azizov

Jamiyat

25 yanvar. Butun O‘zbekiston 20 soat davomida “svet”siz qoldi. Hatto, poytaxt Toshkent ham zulmatga cho‘mib, respublika rahbariyati energetika sohasidagi muammolarni bartaraf qilish, odamlarni tinchlantirish bilan ovora bo‘lib turgan bir paytda “snos”ni “kasb” qilib olganlar eski “qilmish”larini takrorladi. Echkiga jon qayg‘usi, qossobga moy qayg‘usi deb shuni aytishsa kerak.

Gap 25 yanvar kuni Yunusobod tumanining 6-mavzesida buzilgan do‘konlar va ularning bir necha soatga qamab qo‘yilgan rahbarlari xususida ketmoqda. Bosh rolda esa Yunusobod tumani 2-sektor kotibi – prokuratura xodimi Umid Azizov. Siz uni avvalgi “snos”larga bosh-qosh bo‘lgani va QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinovani ichki ishlar idoralariga olib ketish bilan tahdid qilgani orqali yaxshi taniysiz. 2021 yilning sentyabrida muhokamalar markaziga chiqqan ushbu voqea ortidan Azizovga nisbatan dastlab, “odob darsi” so‘ngra, “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llaniladi. Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorovga nisbatan intizomiy jazoga tortish bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmagan va hali unutilmagan ushbu voqeadan prokuratura xodimi Azizov ham, tuman prokuraturasi ham, Yunusobod tumani hokimligi ham xulosa chiqarmagan chog‘i holat yana takrorlandi. Bu safar buz-buzlar tushda boshlanib, tungacha davom etdi. "Snos" qahramonlari qorong‘uda qilganlarini hech kim ko‘rmaydi, o‘ylashgan chog‘i.

Navbatdagi “qirg‘in”da 2018 yil Yunusobod tuman hokimi qarori bilan qurilgan 13 ta do‘konning 7 tasi abgor holga keltirilgan. Do‘konlari buzilishiga qarshi chiqqan tadbirkorlar esa huquq-tartibot organlariga olib ketilgan. Hozircha Azizov va "snos"ga bosh-qosh bo‘lganlarning qo‘lida rasmiy hujjat, sud qarori bo‘lgan-bo‘lmagani bizga noma’lum. Yunusobod tumani hokimligi ham bu haqida ma’lumot berolmayapti. Har xolda buzdirayotganlar tadbirkorlarga do‘konlari buzilishi haqida sud qarorini taqdim etmagan.

QALAMPIR.UZ ma’lumotlariga ko‘ra, do‘konlar Yunusobod hokimi vazifasini bajaruvchi B.Abdusamatov 2018 yil 3 mart kuni imzolagan qarori asosida qurilgan. Bu oraliqda hokimbuva poraxo‘rlikda ayblanib, qamalib ketdi. O‘tgan vaqt mobaynida esa qurilish va faoliyatlari davomida tadbirkorlarga hech qanday e’tiroz bo‘lmagan. Buzishga kelganda esa hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagan.

Yunusobod tumani 6-mavzeda bo‘lgan buzilishdan aziyat chekkan tadbirkorlar faryodini bugun, 26 yanvar kuni QALAMPIR.UZ’ da eshitasiz. Birozdan so‘ng tahliliy materialni taqdim etamiz. Saytimizni va YouTube kanalimiz, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring.


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobod prokuratura tadbirkor hokim SNOS

Baholaganlar

330

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing