Biz doim Ukraina tarafida bo‘lganmiz – Aliyev

Olam

image

Ozarbayjon Rossiya bilan qurolli to‘qnashuv boshlanganidan buyon Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev “Al Arabiya”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Aliyevning urg‘ulashicha, Rossiya Ukrainaga qarshi yurish boshlaganidan buyon Ozarbayjon rossiyaliklarning harakatini keskin qoralab, ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlaydi. Prezidentga ko‘ra, Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasiga sovuqchilik tushmasidan oldin ham mamlakat shu pozitsiyada bo‘lgan. 

“Bizning bu masaladagi fikrimiz aniq. Yana Ozarbayjon-Rossiya munosabatlari doirasida o‘rtaga tashlangan masalaga qaytadigan bo‘lsak, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgan ilk kunlaridan boshlab, biz Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatladik va buni davom ettirmoqdamiz”, degan Aliyev. 

U, shuningdek, chegarasi buzilgan mamlakat sifatida Ozarbayjon barcha boshqa davlatlarning yaxlitligini himoya qilishga tayyorligini ta’kidlagan. 

Aliyev bu fiklarni ilk bor maydonga tashlayotgani yo‘q. Masalan, joriy yilning 19 iyul kuni Xonkendida bo‘lib o‘tgan uchinchi Shusha xalqaro media-forumida Aliyev ukrainaliklarga “hech qachon yeringizni bosib olishlariga rozi bo‘lmang”, deya maslahat bergandi. Davlat rahbari Bakuni misol keltirib, vaziyatni Qorabog‘ uchun Armaniston bilan bo‘lgan mojaroga qiyoslagan.

Rossiya va Ukraina munosabatlari xalqaro maydonda hozirgacha jiddiy masala bo‘lib qolmoqda. Oradagi ziddiyatlar 2024 yilning 25 dekabr kuni – Baku-Grozniy yo‘nalishida uchayotgan Embraer-190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchrashi ortidan paydo bo‘ldi. O‘sha mash’um hodisada 38 kishi halok bo‘lgan edi. Qozog‘iston Transport vazirligining dastlabki hisobotida samolyot ikkita zarbadan keyin balandlikni yo‘qota boshlagani qayd etilgan. Aliyev esa bu voqeada tashqi ta’sir bo‘lganini bildirib, bu “rossiyaliklarning ishi” ekanini va Putin bu uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. 

Joriy yilning iyun oyi oxirida esa Rossiyaning 24 yil oldingi voqealarni kovlashi, ikki mamlakat o‘rtasini bog‘lab turgan so‘nggi ipni ham uzib yubordi. O‘sha tekshir-tekshirlar doirasida ikki ozrabayjonlik yurak xurujidan vafot etgandi. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. 

Shuncha voqealardan keyin anchagina dovyurak bo‘lib ulgurgan Ozarbayjon Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlarini ham hibsga oldi. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi. 

“Al Arabiya”ga bergan intervyusida esa Aliyev bu voqealarni yana bir esga oldi. U mamlakati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Intervyu davomida Aliyev bugun bilan cheklanmadi va hatto 1920 yilda rus armiyasi Ozarbayjonga bostirib kirib, mamlakatni bosib olganini ham ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ilhom Aliev Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing