Birjada ilk bor un ochiq savdoga qo‘yildi

Jamiyat

image

Bugun, 1 iyun kuni O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasida un mahsuloti bo‘yicha dastlabki ochiq birja savdolari o‘tkazildi. Unda Toshkentdagi non ishlab chiqaruvchi korxonalar jami 874 tonna I navli un sotib oldi. Bu haqda birja Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi birja savdolariga “O‘zdonmahsulot” AJ tarkibidagi 44 ta korxona tomonidan 10 ming tonna  I navli un qo‘yilgan va ulardan 8,3 ming tonnasi, ya’ni 83 foizi sotilgan.

“Birja savdolarida sotilmagan qoldiq unning hajmi qariyb 1,7 ming tonnani tashkil etdi. Ya’ni birjaning un bozorida taklif yetarli darajada bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, I navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 497,8 ming so‘mni tashkil qilgan. Birjada un bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxi (4 241,9 ming so‘m)ga nisbatan 6 foizga o‘sgan.

Un bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdosida jami 2 822 ta xaridor ishtirok etgan bo‘lib, ulardan 56 tasi Toshkentdagi non ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi. Bu korxonalar birjada jami 874 tonna I navli un sotib olgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 11 may kuni o‘tkazilgan don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilishda fermer va klasterlar o‘zi yetishtirgan g‘allani 1 iyuldan boshlab birjada sotishni boshlashi haqida ko‘rsatma bergandi.

Moliya vazirligi vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekistonda bug‘doyning birjada sotilishi narxlarning barqarorlashishiga va kelgusida pasayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Ukrainadagi vaziyat tufayli birdan ikki eng asosiy bug‘doy yetkazib beruvchi xalqaro bozordan uzilib qoldi. Ukrainaning bug‘doy eksporti portlarning qo‘ldan ketishi ortidan to‘xtagan bo‘lsa, Rossiya ichki bozordagi ta’minotni bahona qilib, g‘alla sotishni taqiqladi. Bu ham yetmaganidek, jahon g‘alla bozorining uchinchi asosiy o‘yinchisi Hindiston ham bug‘doy eksportini chekladi.

Qayd etish kerakki, Vazirlar Mahkamasining “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 866-sonli Qarori bilan 2019 yil 15 oktyabrdan “O‘zdonmahsulot” AJ tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2019 yil hosilidan tayyorlangan va un ishlab chiqarishga yo‘naltiriladigan bug‘doydan boshqa g‘alla iste’molchilarining barcha toifalariga faqat birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz sotilishi belgilandi. Shundan so‘ng, non narxi 650-700 so‘mdan 1400 so‘mga ko‘tarilgandi. Keyinroq narx yana biroz oshib, 1600 so‘mga yetgan.


Maqola muallifi

Teglar

un

Baholaganlar

297

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing