Toshkentda topilgan artilleriya snaryadi, nomini oqlagan Usmonov, tarixda tenggi yo‘q Ronaldu – yangiliklar dayjesti

Tahlil

image
Yakuniga yetayotgan 28 dekabr kuni O‘zbekiston va xalqaro maydonda sodir bo‘lgan muhim voqeliklar bilan esda qolmoqda. Xususan, HUMO va UZCARD terminallari birlashtirildi, Usmonov esa “Putinning odamlari” kitobida o‘zi haqidagi “bo‘htonlar”ning o‘chirilishiga erishdi. Sportga keladigan bo‘lsak, Ronaldu barcha davrlarning eng yaxshi to‘purari deb topildi. Shu kabi muhim xabar tafsiloti bilan quyida tanishing.

Jamiyat 

Sirdaryoda ikki ayolni Turkiyaga fohishalik uchun jo‘natayotgan shaxs ushlandi

Joriy yilning 24 dekabr kuni Sirdaryo viloyatida ikki ayolni fohishalik uchun Turkiyaga olib ketayotgan shaxs ushlandi. Viloyat IIB Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tezkor tadbir TEQKB hamda DXX hududiiy boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryo tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida 1978 yilda tug‘ilgan, oilali, Sirdaryo viloyati, Sayxunobod tumani, Sayxun shaharchasida istiqomat qiluvchi fuqaro I.S o‘zining tanishlari bo‘lgan 1984 yilda tug‘ilgan, ajrashgan, Guliston tumani, Dehqonobod shaharchasida istiqomat qiluvchi K.M. hamda 1994 yilda tug‘ilgan, ajrashgan, Sirdaryo shahri, “Quyosh” MFYda istiqomat qiluvchi Q.D.ni Turkiya davlatiga fohishalik bilan shug‘ullanishga olib ketayotgan vaqtida “Sirdaryo” YPX maskanida qo‘lga olingan.

Birja: benzin, paxta yog‘i va shakar arzonlashdi

Joriy yilning 20 – 26 dekabr kunlari ochiq birja savdolari orqali jami 1 840,0 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotilgan. Benzin, shakar va paxta yog‘i narxlarida pasayish qayd etilgan. Bu haqda “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.
   
Qayd etilishicha, o‘tgan haftada birjada AI-80 rusumli avtomobil benzinining narxi sezilarli pasaygan. O‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 4,4 ming tonnani, sotuvning umumiy hajmi 21 940,0 tonnani tashkil etgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 8 151,3 ming so‘mdan 7 762,3 ming so‘mgacha, ya’ni 4,8 foizga pasaygan.

O‘tkazilgan birja savdolari natijasida AI-80 rusumli avtomobil benzini bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 7 914,2 ming so‘mni tashkil etgan.

HUMO va UZCARD terminallari birlashtirildi

HUMO va UZCARD to‘lov tizimlari joriy yildagi o‘zaro integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi. Bu haqda Markaziy Bank Matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Shu tariqa har ikkala tizim terminallarida to‘lovlarni qabul qilish amaliyoti namoyish etildi. Yaqin kelajakda kassir tomonidan har bir karta uchun turli terminallarning taklif qilinishi shart bo‘lmaydi - savdo va xizmat nuqtalari ikkala to‘lov tizimiga xizmat ko‘rsatadigan bitta apparatga ega bo‘ladi”, deyiladi MB xabarida.

O‘zbekistonda AES qurilishiga qarshilar bor – Rossiya elchisi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurish loyihasini amalga oshirishni istamaydigan davlatlar bor. Bu haqda Rossiyaning Toshkentdagi elchisi Aleksandr Malginov kecha, 27 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan yillik hisobot anjumanida ma’lum qilgan. 

Ta’kidlanishicha, bunga O‘zbekiston AES qurilishi uchun Rossiyaning “Rosatom” kompaniyasini tanlagani sabab bo‘lgan. Ayni paytda loyiha mutaxassislar tomonidan ishlab chiqish bosqichida, qurilish ishlari kelgusi yilda boshlanishi rejalashtirilgan. 

“Kattakonlar”ning kompaniyalarini oshkor etgan sayt asoschisiga oid ish tugatildi

Davlat statistika qo‘mitasining Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasiga yuborgan xati ortidan Orginfo.uz sayti asoschisi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan ochilgan ish tugatildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ’ga sayt asoschisining o‘zi ma’lum qildi.

“Bugun ertalab xat tashlab ketishdi, IIBdan ekan. Unga ko‘ra, shu ish o‘rganib chiqilib, jinoiy yoki mamuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlanmaganligi tufayli ish qo‘zg‘atish rad qilinanligi to‘g‘risida qaror qabul qilinibdi”, deydi Boburmirzo Hamroqulov.

U sayti faoliyatini davom ettirmoqchi. Unga bunday talab ham qo‘yilmagan.

Toshkentdagi qurilish maydonidan artilleriya snaryadi topildi

Kecha, 27 dekabr kuni 102 raqamiga 26 yoshli qashqadaryolik Shuhrat T.dan IIBga xabar kelib tushgan. Uning aytishicha, tanishi 29 yoshli Aliakbar M. bilan birgalikda Yakkasaroy tumanida qurilayotgan obe’kt hududida shubhali, artilleriya aslahalariga o‘xshash zanglagan buyumlar topgan. U fuqarolik mas’uliyatidan kelib chiqib tezkor xizmatlarga xabar bergan.

Ko‘rsatilgan manzilga Toshkent shahar IIBB xodimlari O‘zbekiston Respublikasi IIVning maxsus mutaxassislari bilan birgalikda yetib kelgan. Tekshiruv o‘tkazilgach, topilgan buyumlar o‘quv mashg‘ulotlari davomida foydalanishga mo‘ljallangan ikkita 115 mm.lik o‘quv snaryadi va ikkita 82 mm.lik o‘quv minomyoti ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Olam

Vaziyat tarang. Rossiya AQSH va Yevropa bilan xavfsizlik masalasini kelishib olmoqchi

Moskva va Vashington 2022 yilning 10 yanvar kuni qurol nazorati va Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Oq uy Matbuot xizmati xabar berdi. 

“AQSH Rossiya bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda”, deydi Amerika Milliy xavfsizlik kengashi vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilning 12 yanvar kuni Rossiya-NATO kengashi yig‘ilishi, ertasi kuni esa Rossiya va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) vakillari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Tojikiston va Afg‘oniston kelishib oldi

Tojikiston va Afg‘oniston elektr tarmoqlari kompaniyalari 2022 yil uchun qo‘shni davlatga tojik elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladi.

Hujjat “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) va “Barqi Tojik” o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha imzolandi, deyiladi afg‘on kompaniyasi saytida e’lon qilingan qisqa xabarda.

Qayd etilishicha, hujjatni DABS rahbari Hafiz Muhammad Amin va “Barqi Tojik” kompaniyasi bosh direktori Mirzo Ismoilzoda imzolagan.

“Putinning odamlari” kitobida Usmonov haqidagi “bo‘htonlar” tuzatildi

“Putinning odamlari” kitobini chop etgan Britaniyaning HarperCollins nashriyot uyi kitobda rossiyalik milliarder Alisher Usmonov nomi tilga olingani sababli unga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda RBKga tadbirkorning vakili ma’lum qildi.  

Uning so‘zlariga ko‘ra, kitobning 2020 yilda chop etilgan birinchi nashrida Usmonov “Gazprom”dagi mansabidan foydalanib, boyligini ko‘paytirgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bor edi. Kitobning qayta ko‘rib chiqilgan nashrida Usmonov Britaniya elitasiga “pora berishga” uringanligi va u Kremlning “ishonchli odami” hisoblangani haqidagi so‘zlar ham chiqarib tashlangan. 

“Kitobga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha suddan tashqari kelishuvga erishish mumkin edi”, degan Usmonovning vakili. 

Qozog‘istonda ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus YTHga uchradi

Kecha, 27 dekabr kuni Olma-ota – Bishkek yo‘lida avtobus va Mercedes-Benz rusumli avtomobillar to‘qnashib ketdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avtobusda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan. Bu haqda “Zakon” nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, kecha soat 21:40 larda Qozog‘istonning Olma-ota viloyati hududidan o‘tgan Olma-ota — Bishkek avtomobil yo‘lida o‘zbekistonliklarni olib ketayotgan avtobus va Mercedes-Benz avtomobili ishtirokida yo‘l-tansport hodisasi sodir bo‘lgan.

Sport

“Belgiyaning eng kuchli odami” koronavirusdan vafot etdi

Kikboksing bo‘yicha bir necha karra jahon chempioni 41 yoshli Frederik Sinistra koronavirus asoratlari tufayli vafot etdi. Bu haqda “The Sun” xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, “Belgiyaning eng kuchli odami” deb topilgan 41 yoshli sportchi noyabr oyi oxirida o‘pka kasalligi tufayli shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik sportchi shifoxonadan chiqarilgan, ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan vafot etgan.

Vafotidan biroz oldin Sinistra o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga sun’iy nafas olish apparatiga ulangan holda yotgan rasmini joylagan va uyida davolanayotganini, ahvoli ancha yaxshiligini aytib, qo‘llab-quvvatlaganlarga rahmat aytgan.

Ronaldu barcha davrlarning eng yaxshi to‘purari deb topildi

Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu “Globe Soccer Awards” yillik taqdirlash marosimida barcha davrlarning eng yaxshi to‘purari, deb topildi.

Qayd etilishicha, Ronaldu hisobida shu kungacha terma jamoa va klublarda urilgan 802 ta gol bor. Biroq, rasmiy statistik manbalar, jumladan FIFA ma’lumotlariga ko‘ra 805 ta gol urgan avstriya-chexiyalik hujumchi Yozef Bitsan futbol tarixidagi eng yaxshi to‘purar hujumchi sanaladi. Ronaldu esa ikkinchi o‘rinda.

Shuningdek, Fransiya terma jamoasi va PSJ hujumchisi Kilian Mbappe yilning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekistonlik sobiq futbolchi Shirshov 47 yoshida vafot etdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Nikolay Shirshov 47 yoshida vafot etdi. Bu haqda Rossiyaning “Rostov” klubi matbuot xizmati xabar berdi. Biroq uning o‘limi sabablari ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Shirshov faoliyatini 1991 yilda Sobiq Ittifoq quyi ligasining “Sverdlovets” klubida (Toshkent viloyati) boshlagan. Keyinchalik “Paxtakor”ning asosiy tarkibida o‘ynagan (1992 – 2000).


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

174

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing