Bin Lodin AQSH agenti bo‘lgan – rossiyalik mulozim
Olam
−
13:45 4218 2 daqiqa
Rossiya va AQSH prezidentlarining kelishuviga binoan Federal xavfsizlik xizmati (FXX) va Markaziy razvedka byurosi (MRB) Usoma bin Lodinni yo‘q qilish bo‘yicha hamkorlikdagi operatsiyani tayyorlagan. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi, Dengiz hay’ati raisi Nikolay Patrushev “Vesti” jurnalisti Natalya Litovkoga bergan intervyusida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya maxsus xizmati kelishuvning o‘z zimmasidagi qismini bajargan, ammo amerikaliklar bajarmagan.
“Har bir xizmatning o‘z roli bor edi: bir tomondan MRB, ikkinchi tomondan FXX. Ular bizdan u joylashgan yerga mayoq o‘rnatib berishimizni so‘rashdi. O‘zlari esa zarba berib, uni yo‘q qilishlari kerak edi. Kelishuv mana shunday bo‘lgan. Ularning bizning bu vazifani uddalay olmasligimizga, ishonchi komil edi. Biz vazifani bajardik… Biroq ular jur’at qila olishmadi, zarba berishmadi”, deydi Patrushev.
MRB direktori keyinchalik nima sababdan operatsiya barbod bo‘lganiga biror-bir tushuntirish bera olmagan.
“Ammo biz u ularning agenti ekanini va ma’lum vaqtgacha undan foydalanishganini yaxshi bilamiz. U maxsus xizmatlar faoliyatiga shunchaki dog‘ tushirib, ularga xalaqit bera boshlagan paytda esa uni yo‘q qilishdi”, deya qo‘shimcha qilgan Patrushev.
Ma’lumot uchun, Usoma bin Lodin – “Al-Qoida” xalqaro terroristik tashkiloti asoschisi va sobiq rahbari bo‘lib, 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorkdagi egizak minoralar portlatilgan yirik terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. AQSH hukumati rasmiy versiyasiga ko‘ra, bin Lodin 2011 yilning 2 may kuni Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Abbottobod shahridagi villada maxsus operatsiya davomida yo‘q qilingan. “Al-Qoida” ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya hukumati “Al-Qoida”ning sobiq rahbari Usoma bin Lodinning o‘g‘li Omarga mamlakat hududiga kirishni rasman taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi