O‘zbekiston va Rossiya terroristik guruh a’zolarini ushladi (video)
3-sahifa
−
09 avgust 11666 2 daqiqa
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirlarida Rossiyada 7 nafar va O‘zbekiston hududida 2 nafar xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zolari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur shaxslar Rossiya hududida bo‘lgan vaqtida diniy ekstremistik oqim ta’siriga tushib, xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan va o‘z saflarini turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarini yollash hisobiga kengaytirish bilan shug‘ullangan.
Ular yashirin yig‘ilish tashkil etib, Telegram orqali videokonferensiya yo‘li bilan “umumjahon xalifaligi” deb ataluvchi doktrina asosida tizimli o‘qitish va terrorchilik tashkilotiga jalb qilish ishlarini amalga oshirgan. Ularning bu faoliyati horijdagi g‘oyaviy maslakdoshlari tomonidan muvofiqlashtirilib borilgan.
To‘plangan materiallar asosida Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan ularga nisbatan terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida aynan shu guruhning yana 2 a’zosi qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, bu shaxslar ham Rossiyadagi yashirin jamoat a’zolari tomonidan Telegram'da tashkil etilgan virtual guruhlarga a’zo bo‘lib, XTTning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va amaldagi siyosiy tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishni targ‘ib qiluvchi materiallarini tarqatib kelgan.
Shuningdek, ularning yashash xonadonlari ko‘zdan kechirilganda, 4 ta uyali aloqa vositasi, 3 dona ekstremistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan adabiyotlar, 2 ta flesh xotira va 1 ta horijiy davlatga tegishli bo‘lgan SIM-karta daliliy ashyolar sifatida olingan hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlarga yuborilgan.
Bildirilishicha, hozirda hibsga olingan shaxslarga nisbatan tergov va tergovga qadar harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon shahrida jihodchilar diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati faoliyati aniqlangandi. Jamoat yetakchisi o‘z atrofiga 12 nafar shaxsni yig‘ib, jamoat tashkil etgan holda shahardagi turli choyxonalarda to‘planib, kelgusida Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotiga qo‘shilishni niyat qilgan.