“Bin Lodin” Turkmanistondagi qamoqxonada vafot etdi

Olam

image

Joriy yilning 10 aprel kuni Turkmanistondagi Ovadan-Depe mavzesida (shu nomdagi mashhur qamoqxonaning ro‘parasida) joylashgan AH-E/3 raqamli Turkmaniston maxsus tartibli koloniyasida mahalliy kriminal, “Bin Lodin” laqabi bilan tanilgan mahkum Rasul Gulmamedov vafot etdi. Bu haqda “Turkmen.news” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Rasul Gulmamedov 2000-yillar boshida uyidan giyohvand moddalar, butun boshli qurol-yarog‘ arsenali va hovlisida somon ostiga yashirilgan bronetransportyor (BTR) topilganidan keyin sudlangan. Shundan so‘ng unga koloniyaning o‘zida bir necha bor qaytadan yangi muddat qo‘shib berilgan va u ozodlikka boshqa qaytib chiqmagan.

Rasul Gulmamedov o‘zining “Bin Lodin” laqabini dunyoga mashhur xalqaro terrorchi, “Al-Qoida” rahbari Usoma bin Lodin “sharafiga” olgan. To‘qsoninchi yillarning o‘rtalarida Turkmaniston huquq-tartibot idoralari Gulmamedovning uyidan yirik hajmdagi giyohvand moddalar va avtomat hamda pulemyotlardan iborat butun boshli qurol arsenalini, hovlisidagi chuqurda esa somon bilan yopib qo‘yilgan BTRni topgan.

Ushbu qurol va harbiy texnikani “Bin Lodin” 1989 yilda Afg‘oniston urushi tugaganidan keyin qo‘shinlarni olib chiqib ketayotgan sobiq SSSR ofitserlaridan sotib olgan yoki giyohvand moddalarga almashtirgan. Shunga qaramay, ba’zi manbalar BTR bilan bog‘liq voqeani kuchishlatar tizimlar ishni bo‘rttirib ko‘rsatish uchun o‘ylab topgan shunchaki bir afsona, deb hisoblaydi.

O‘shanda “Bin Lodin” qochib ketishga va sobiq SSSR davlatlaridan birida o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘lgan, biroq 2001 yilda u noma’lum sabablarga ko‘ra vataniga qaytgan. U 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va qamoqdan boshqa chiqmagan. Unga turli ayblovlar bilan tinimsiz yangi muddat qo‘shib berilgan.

“Masalan, kunlarning birida go‘yoki do‘stidan kelgan posilkadagi ko‘rpa ichiga tikib qo‘yilgan giyohvand moddalar topilgan. “Bin Lodin”ni taniganlar bu voqeani soxtalashtirilgan va ataylab uyushtirilgan tuhmat ekanini da’vo qilishadi”, deyiladi xabarda.

Gulmamedov mashhur “Ovadan-Depe” (AH-T/2 muassasasi) qamoqxonasida kamida uch marta bo‘lgan. U qamoqxona tartib-qoidalariga bo‘ysunishdan va rasmiy ishlarni bajarishdan bosh tartuvchi “otritsal” (inkor etuvchilar) toifasiga mansub mahkumlardan hisoblangan. Ma’muriyatning hech bir vakili uni biror ishni qilishga majburlay olmagan, chunki u istagan vaqtida o‘zi kabi baluj millatiga mansub yuzlab mahkumlarni oyoqqa turg‘azib, zonada haqiqiy qonli so‘yish tashkil qilib yuborishi mumkin bo‘lgan.

Shu sababli unga tegilmagan va ko‘rmaganga olish afzal bilingan hamda qamoqxona mezonlari bo‘yicha hashamatli sharoitda yashashiga yo‘l qo‘yib berilgan: u alohida xonada, xizmatkorlari bilan, cheklanmagan uchrashuvlar va oziq-ovqat posilkalari qurshovida kun kechirgan.

“Turkmen.news” nashrining mamlakat kuchishlatar tizimlaridan biridagi manbasi bergan ma’lumotga ko‘ra, turkmanistonlik “Bin Lodin” o‘zining 55 yoshini nishonlashiga atigi bir necha hafta qolganda vafot etgan. O‘limning rasmiy sababi sifatida infarkt (yurak xuruji) ko‘rsatilgan.

Ma’lumot uchun, Usoma bin Lodin – “Al-Qoida” xalqaro terroristik tashkiloti asoschisi va sobiq rahbari bo‘lib, 2001 yilning 11 sentyabrida Nyu-Yorkdagi egizak minoralar portlatilgan yirik terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. AQSH hukumati rasmiy versiyasiga ko‘ra, bin Lodin 2011 yilning 2 may kuni Pokistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Abbottobod shahridagi villada maxsus operatsiya davomida yo‘q qilingan. “Al-Qoida” ham ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Turkmaniston Usoma bin Lodin Rasul Gulmamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing