Rossiya Durovni “ekstremist va terroristlar” ro‘yxatiga kiritdi

Olam

image

Rossiyaning Moliyaviy monitoring federal xizmati (Rosfinmonitoring) Telegram asoschisi Pavel Durovni ekstremistlar va terroristlar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Bundan avval Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Durovga nisbatan terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilinganini bildirgan edi.

Bunga ko‘ra, Telegram ma’muriyati Ukraina maxsus xizmatlari, terrorchi va ekstremistik tashkilotlar tomonidan Rossiya hududida teraktlar, qotilliklar hamda boshqa jinoyatlarni rejalashtirishda foydalanilgan kanal, chat va botlarni o‘z vaqtida cheklamagan. Shuningdek, FXX Durovni xalqaro qidiruvga berish jarayoni boshlanganini ma’lum qilgan.

Nashrning yozishicha, mazkur choralar Rossiya hukumatining Telegram faoliyatiga nisbatan bosimini yanada kuchaytirgan. Moskva platformani cheklash orqali davlat nazoratidagi raqamli xizmatlarni ommalashtirish va internet makonidagi nazoratni kuchaytirishga intilayotgani qayd etilgan.

Ayblovlarga javoban Telegram'ning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida Pavel Durovning norozilik ishorasini ko‘rsatayotgan surati e’lon qilingan. Durovning o‘zi esa Telegram-kanalida “Ularni adashtirmang” sarlavhasi bilan mem joylashtirib, unda o‘zini “terrorchilarning sherigi” sifatida tasvirlangan suratni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning “Tolibon” harakati vakillari bilan tushgan surati bilan qiyoslagan.

Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti matbuot xizmati mamlakatda Telegram'dan foydalanish taqiqlanmaganini bildirgan. Unda aytilishicha, messenjerni taqiqlangan tashkilot deb topish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinmagan.

Ma’lumot uchun, Pavel Durov 2014 yilda Rossiyani tark etgan va keyinchalik Telegram bosh qarorgohini Dubayga ko‘chirgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, messenjer dunyo bo‘ylab 1 milliarddan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘lib, Rossiya, Ukraina va boshqa qator mamlakatlarda keng ommalashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 29 iyul kuni Fransiyalik advokat Filipp de Vel Rossiyada Pavel Durovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan munosabat bildirib, Fransiya o‘z fuqarolarini boshqa davlatlarga ekstraditsiya qilmasligini aytgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing