Besh davlat Erondan kompensatsiya talab qilyapti
Olam
−
17 yanvar 2020
7315Eron samolyot halokatida aybini to‘liq tan olib, qurbonlar oilasiga kompensatsiya to‘lashi kerak. Afg‘oniston, Buyuk Britaniya, Kanada, Ukraina va Shvetsiya vakillari shunday talab bilan chiqishdi. Tehron yaqinida urib tushirilgan samolyotda aynan shu davlatlar fuqarolari halok bo‘lgandi.
Britaniya poytaxti Londondagi uchrashuv natijasida ular qurbonlarning oilasiga tergovning borishi va boshqa yordamni yetkazib turuvchi maxsus guruh tuzishdi.
“Biz ukrain, shved, afg‘on, ingliz, kanad va eronliklar uchun shaffoflik va adolatga erishish uchun bu yerga to‘plandik. Mutlaqo shaffof, keng qamrovli va mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazilishi kerak”, degan Kanada Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filip Shampan.
Ishtirokchilar Eron o‘z aybini tan olib, hamkorlik qilishga rozilik berganini ijobiy belgi deb baholagan. Ular, shuningdek, halok bo‘lganlar oilasiga kompensatsiyalar xalqaro normalar asosida to‘lanishiga va aybdorlar tegishchi jazoni olishiga umid bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 yanvar kuni Ukraina yo‘lovchi samolyoti Tehron yaqinida quladi. Natijada samolyotda bo‘lgan 176 kishining barchasi halok bo‘ldi. 11 yanvar kuni Eron samolyot raketa bilan urib tushirilganini tan oldi va bu xatolik sabab yuz berganini ta’kidladi.
LiveBarchasi