Kaliforniyada samolyot qulab tushdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Kecha, 5 sentyabr kuni tushdan keyin AQSHning Kaliforniya shtatidagi Fresno shahri aeroporti yaqinida kichik samolyotning qulab tushishi oqibatida ikki nafar bola halok bo‘ldi, ikki nafar katta yoshli shaxs esa shifoxonada yashab qolish uchun kurashmoqda. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, to‘rt kishini olib ketayotgan havo kemasi mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida San-Xoakin daryosi yaqinida qulab tushgan. Hodisa joyiga shoshilinch xizmatlar jalb qilingan.

Fresno okrugi Sherif boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xodimi Toni Bottining ma’lum qilishicha, huquq-tirtibot idoralariga soat 13:50 atrofida Serra-Skay-Park yaqinidagi Blayt avenyusining shimoliy chekkasida samolyot qulagani haqida xabar kelib tushgan.

O‘t o‘chiruvchilar, politsiyachilar va sherif o‘rinbosarlari voqea joyiga yetib borganida daryo yaqinidagi tepalikda samolyot qoldiqlarini va yaqin oradagi adirlikni yong‘in egallayotganini ko‘rgan.

Ikki nafar katta yoshli shaxs o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Jabrlanganlarning shaxsi va aniq yoshi hali tasdiqlanmagan. Tergovchilar halokat sabablarini o‘rganishni boshlagan. Hozircha samolyotning nima sababdan qulagani noaniqligicha qolmoqda.

Bottining so‘zlariga ko‘ra, Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) va Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) tergovga jalb qilingan. Tergovchilarga ishlash uchun sharoit yaratish va odamlarni yaqinlashtirmaslik maqsadida halokat joyi atrofida xavfsizlik to‘sig‘i o‘rnatilgan.

ABC30 xabariga ko‘ra, hodisa joyida Fresno politsiyasi, Fresno yong‘in xavfsizligi xizmati, Fresno okrugi Sherif boshqarmasi, PG&E energetika kompaniyasi va Shimoliy Markaziy yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari ham ish olib borgan.

PG&E kompaniyasining elektr uzilishlari xaritasiga ko‘ra, samolyot qulashi yaqin atrofda yashovchi aholi xonadonlarida elektr ta’minoti uzilishiga sabab bo‘lgan, biroq keyinchalik xizmat ko‘rsatish qayta tiklangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiya sharqida aviashou vaqtida F-4 Phantom qiruvchi samolyoti halokatga uchragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing