Belarusdan olib qo‘yilgan Jahon chempionati qayerda o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
02 fevral 2021
6602Xokkey bo‘yicha 2021 yilgi Jahon chempionati Latviyaning poytaxti Rigada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Xalqaro xokkey federatsiyasi kengashining (IIHF) rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
“Xalqaro xokkey federatsiyasi kengashi Latviya poytaxtini Jahon chempionatining yagona mezboni sifatida tasdiqlash uchun ovoz berdi. Davom etayotgan epidemiologik qiyinchiliklar, shuningdek, musobaqani bitta shaharda o‘tkazishga olib kelgan texnik sabab tufayli shunday qarorga keldik”, deyiladi federatsiyasi rasmiy saytida.
Qayd etilishicha, Xokkey federatsiyasi kengashi xalqaro sayohatlardagi cheklovlarga nisbatan noaniqlikni hisobga olgan holda ushbu qarorga kelgan.
“Butun turnirni Rigada tashkil etish mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilishni kamaytiradi. Bu esa tadbirni o‘tkazishning eng xavfsiz va tejamkor usulidir”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Xalqaro xokkey federatsiyasi kengashi (IIHF) xavfsizlik sabab 2021 yilda Belarusda xokkey bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlarini o‘tkazmaslikka qaror qilgandi.
O‘tgan yili 9 avgust kuni Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng muxolifat Respublika hokimiyat organlariga qarshi xalqaro sanksiyalarni joriy etishni, shu jumladan IIHF’ga murojaat qilib, xokkey bo‘yicha Jahon chempionatini boykot qilish yoki uni butkul bekor qilish taklifini bildirgandi.
O‘z o‘rnida, Belorus xokkey federatsiyasi IIHF’ning qaroridan keyin ham Jahon chempionatida qatnashishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi