Belarusda yana bir muxolif kayfiyatdagi nashr jurnalistlari hibsga olindi

Olam

image

Belarusning “Nasha Niva” muxolif nashri tahririyatning bosh muharriri hibsga olingani va xodimlari tintuv qilingani to‘g‘risida xabar berdi.

“Nashrning bosh muharriri Yegor Martinovich hibsga olindi, uning uyi tintuv qilindi. Tintuv jarayoni, shuningdek, “Nasha Niva” nashrining muharriri Andreya Skurkoning uyida ham o‘tkazilmoqda. Bosh muharrir o‘rinbosari bilan esa aloqasi yo‘q. Katta ehtimol bilan Andrey Dinko ham hibsga olingan”, deyiladi nashr xabarida.

Tahririyatning ma’lum qilishicha, tintuv ishlari nashr idorasida, buxgalteriya bo‘limida o‘tkazilgan. Hujjatlar esa olib qo‘yilgan. “Nasha Niva” jurnalistlari hanuzgacha ba’zi hamkasblari bilan bog‘lana olmayapti. Jurnalistlarning taxmin qilishicha, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari nashr idorasiga kelganida ularning hamkasblari ofisda bo‘lgan.

Avvalroq Belarus Axborot vazirligi nashr veb-sayti bloklangani haqida xabar bergan edi. 

“Belarus Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunining 38-moddasi 1-bandida tarqatilishi taqiqlangan ma’lumotlarni joylashtirish bilan bog‘liq Bosh prokuratura xabarnomasi asosida Axborot vazirligi nn.by Internet-resursiga kirishni cheklash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Qayd etish kerakki, yuqoridagi holat OAVni cheklash bo‘yicha Belarusdagi ilk tajriba emas. Bundan avval, 2020 yili noyabr oyida NEXTA Telegram kanali hamda uning asoschisi Stepan Putilo va uning sobiq bosh muharriri Roman Protasevich Belarus Davlat Xavfsizlik Qo‘mitasi tomonidan terroristik faoliyatga aloqador tashkilotlar va shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan edi

Keyinroq, joriy yilning 23 may kuni Gretsiyaning Afinasidan Litvaning Vilnyus shahriga uchib ketayotgan “Ryanair” aviakompaniyasining samolyoti Minskga majburiy tarzda qo‘ndirildi. Uning bortida bo‘lgan o‘sha terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan jurnalist Protasevich bo‘lgan va u darhol hibsga olingan.

Gap shundaki, Protasevich bosh muharrirlik qilgan NEXTA Telegram kanali 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va ommani unda qatnashishga chorlagan.


Maqola muallifi

Teglar

OAV Belarus' NEXTA Roman “Nasha Niva”

Baholaganlar

32

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing