Minsk samolyotni qo‘ndirishga qo‘ndirib, endi HAMASni “podstava” qilyaptimi?
Olam
−
25 may 2021
10726Joriy yilning 23 may kuni Afinadan Vilnyusga uchib, Minskda favqulodda qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyotida bomba borligi haqidagi xabar HAMAS harakati nomidan yuborilgani aytildi. Bu haqda Belarus Transport va kommunikatsiyalar vazirligi aviatsiya departamenti direktori Artyom Sikorskiy ma’lum qilgan.
Sikorskiyning so‘zlariga ko‘ra, Minsk milliy aeroportining elektron pochtasiga ingliz tilida quyidagi xat kelgan.
“Biz, HAMAS askarlari Isroildan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilamiz. Biz Yevropa Ittifoqidan ushbu urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishni talab qilamiz. Ma’lumki, Delfi Economic Forum qatnashchilari FR4978 reysi bilan uylariga qaytadi. Ushbu samolyotda bomba bor. Agar siz bizning talablarimizni bajarmasangiz, bomba 23 may kuni Vilnyus ustida portlaydi”, deya xatning mazmunini aytgan Sikorskiy.
Sikorskiyning aytishicha, Belarus havo harakatini boshqarish xodimlari “Ryanair” samolyotining ekipajiga e’lon qilingan tahdid to‘g‘risida xabar berishgan, shundan so‘ng samolyotni Minsk milliy aeroportiga qo‘ndirishga qaror qilingan.
Rasmiyning ta’kidlashicha, “samolyotni qo‘ndirishga hech qanday bosim va majburlash bo‘lmagan”.
Bunga javoban Falastinning HAMAS harakati vakili Favzi Barhum Minskda favqulodda qo‘ndirilgan “Ryanair” samolyotini portlatish bilan tahdid qilingani haqidagi xabarlarni rad etgan.
“Ryanair” voqeasidan so‘ng Litva Belarusdan samolyotlarni qabul qilishni to‘xtatdi, Yevropa Kengashi Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “Belavia”ning barcha parvozlarini taqiqlashni buyurdi, shuningdek, Buyuk Britaniya ham “Belavia”ning parvozlariga ruxsatni to‘xtatdi. Yevropaning bir qator aviakompaniyalari, shu jumladan Fransiyaning Air France, Latviyaning airBaltic, Gollandiyaning KLM, Skandinaviyaning SAS, Vengriyaning Wizz Air, Germaniyaning Lufthansa, Finlyandiyaning Finnair’i Belarus havo hududidan
foydalanmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Ukraina 26 may yarim tundan boshlab Belarus bilan parvozlarni rasmiy ravishda to‘xtatishini ma’lum qildi.
Ma’lumot o‘rnida, 23 may kuni Afinadan Vilnyusga uchayotgan “Ryanair” yo‘lovchi samolyoti shoshilinch ravishda Minsk aeroportiga qo‘ndi. Bu samolyotga bomba o‘rnatilgani haqida e’lon qilinganidan keyin sodir bo‘ldi. Keyinchalik, bu yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, samolyot bu vaqtda Belarus osmonida parvoz qilayotgan bo‘lgan va mamlakat Harbiy havo kuchlariga qarashli MiG-29 qiruvchisi yo‘lovchi samolyotining majburiy tarzda qo‘ndirilishini ta’minlagan.
Ushbu samolyot bortida Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarini yoritgan va unda qatnashishga chorlagan Nexta Telegram kanali bosh muharriri Roman Protasevich ham bo‘lgan va tabiiyki, darhol hibsga olingan.
Ma’lumot uchun, Nexta Telegram kanali Belarusda ekstremistik, deb topilgan. Protasevichning o‘zi terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan va qidiruvga berilgan.
U Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan guruh harakatlari”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishda) ayblanmoqda.
Bundan tashqari, unga nisbatan kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan xatti-harakatlar sodir etish to‘g‘risida” jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).