Belarusdagi namoyishlarni yoritgan Nexta kanali asoschisi hibsga olindi
Olam
−
23 may 2021
6294Telegram’dagi Nexta kanalining asoschisi va “Belarus golovnogo mozga” kanalining bosh muharriri Roman Protasevich Minsk aeroportida hibsga olindi. Bu haqda Belarus IIV Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xabar berdi.
Belarusda yuqoridagi ikkala Telegram kanal ham ekstremistik deb topilgan. Protasevichning o‘zi terrorizmga aloqadorlar ro‘yxatiga kiritilgan va qidiruvga berilgandi.
Rasmiy ro‘yxatga olinmagan “Vesna” inson huquqlari markaziga ko‘ra, Protasevich “Ryanair”da Afinadan Vilnyusga uchib ketgan.
Aniqlik kiritilishicha, Belarusning MiG-29 qiruvchi samolyoti Protasevich o‘tirgan samolyotni Minskka qo‘ndirib, tekshirganidan so‘ng yo‘lovchilar hujjatlarni ikkinchi marta tekshirishga jo‘natilgan, o‘sha paytda Roman hibsga olingan.
“RIA Novosti”ga “Minsk” aeroporti Matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, samolyot zudlik bilan berilgan qo‘ndirish to‘g‘risidagi xabardan keyin Belarus poytaxtiga qo‘ngan.
O‘z navbatida, Belarus Prezidentining Matbuot xizmatiga yaqin bo‘lgan Telegram’dagi “Pul Pervogo” kanalida yozilishicha, vaziyat haqida davlat rahbari Aleksandr Lukashenkoga xabar berilgan, u zudlik bilan samolyotni qaytarish va qo‘ndirish to‘g‘risida buyruq bergan. Samolyotni qo‘ndirish uchun MiG-29 qiruvchisi havoga ko‘tarilgan.
Polshada joylashgan Nexta kanali mualliflari Stepan Putilo va Roman Protasevich Belarusda “ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da (15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin) va “jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzgan guruh harakatlari”da (uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishda) ayblanmoqda.
Bundan tashqari, kasbiy mansubligi asosida “ijtimoiy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan qasddan xatti-harakatlar sodir etish to‘g‘risida” jinoiy ish qo‘zg‘atilgan (eng yuqori jazo 12 yil).
Nexta Belarusda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng boshlangan va bir necha oy davom etgan norozilik namoyishlarida ishtirok etishga chaqirib kelgandi.
LiveBarchasi