Isroil G‘azodagi politsiya idorasini bombaladi. Qurbonlar bor
Olam
−
09:41 487 2 daqiqa
Kecha, 19 avgust kuni Isroilning G‘azo sektoridagi politsiya idorasiga bergan havo zarbasi oqibatida 9 nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana 15 kishi yaralandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Shifokorlar va politsiya manbalarining ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida bir nechta politsiya xodimi bor. HAMAS boshqaradigan Ichki ishlar vazirligi esa zarba munitsipal politsiya shtabiga berilganini bildirib, qurbonlar orasida yuqori lavozimdagi 8 nafar politsiya xodimi hamda voqea joyi yaqinida bo‘lgan 13 yoshli qiz borligini ma’lum qilgan.
Isroil armiyasi tungi zarba HAMAS jangarilariga qarshi amalga oshirilganini aytgan. Armiya bayonotida jangarilar politsiya idorasidan foydalanib, Isroil qo‘shinlariga qarshi hujumlarni rejalashtirgani ta’kidlangan.
Shu kuni G‘azoning markazidagi “Nusayrat” qochqinlar lageriga berilgan alohida Isroil zarbasi oqibatida yana 1 falastinlik halok bo‘lgan. Isroil armiyasi ushbu zarba HAMAS jangarisiga qarshi qaratilganini bildirgan. Shu tariqa 19 avgust kuni G‘azoda halok bo‘lganlar soni kamida 10 nafarga yetgan.
Shuningdek, G‘azodagi vaziyat AQSH Prezidenti Donald Trampning urushni yakunlash rejasi bo‘yicha muzokaralar natijasiz yakunlanganidan 2 kun o‘tib yana keskinlashgan. AQSHning maxsus vakili Jared Kushnerning mintaqaga tashrifi davomida HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishuvni ilgari surishga uringan edi.
18 avgust kuni ham Isroilning G‘azo sohilidagi kafega bergan havo zarbasi oqibatida kamida 7 nafar falastinlik, jumladan 1 bola halok bo‘lgan. Isroil armiyasi zarba HAMASning G‘azoda faoliyat yuritayotgan qo‘shinlarga qarshi hujumlarni rejalashtirgan qo‘mondonlariga qaratilganini aytgan.
19 avgustda esa HAMAS vakili Misr, Qatar va Turkiyadan iborat sulh vositachilariga murojaat qilib, Isroilning nishonli hujumlari to‘xtamasa, bu holat guruhning kelishuv bo‘yicha pozitsiyasiga ta’sir qilishini bildirgan. Uning aytishicha, so‘nggi hujumlar Kushnerning diplomatik sa’y-harakatlariga jiddiy zarba bergan.
Falastin sog‘liqni saqlash idoralari va Isroil armiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oktyabr oyida sulh kelishuviga erishilganidan beri G‘azoda 1200 dan ortiq falastinlik va Isroilning 4 nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir G‘azoda har kecha 30-40 kishini o‘ldirishga chaqirgandi.
Live
Barchasi