HAMAS qurolsizlanmaguncha G‘azo qayta tiklanmaydi – Trampning kuyovi (video)
Olam
−
16:37 481 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi va tinchlik bo‘yicha maxsus vakili Jared Kushner HAMAS qurolsizlanmaguncha G‘azo sektorini qayta tiklashga ruxsat berilmasligini aytdi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Kushnerning so‘zlariga ko‘ra, AQSH G‘azoni qayta tiklash rejasiga ega, biroq hududda qurolsizlanish amalga oshirilmaguncha rekonstruksiya boshlanmaydi.
“Bizda G‘azoni qayta tiklash rejasi bor, ammo qurolsizlantirish amalga oshmaguncha bunga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Kushner.
Uning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS qurollari va tunnellarini topshirsa, bu Isroil uchun katta xavfsizlik tahdidining yo‘q qilinishiga olib keladi. Kushner HAMAS buni yaqin 60-90 kun ichida amalga oshirishidan umid bildirgan.
Kushner kecha, 17 avgust kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan uchrashgan. Biroq muzokaralarda G‘azo bo‘yicha AQSH tomonidan ilgari surilgan va HAMAS rozi bo‘lgan yo‘l xaritasini amalga oshirish borasida kelishuvga erishilmagan.
Ma’lum qilinishicha, HAMAS qurolsizlanish, Isroil qo‘shinlarining G‘azodan olib chiqilishi va hududdagi hujumlarni to‘xtatishni nazarda tutuvchi kelishuvga rozi bo‘lgan. Biroq Isroil G‘azo to‘liq qurolsizlantirilmaguncha yon berishga tayyor emasligini bildirgan. Kushner shuningdek, AQSH Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini cheklamasligini bildirgan.
“Biz yaqinlashib kelayotgan tahdidlar bo‘lsa, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini ham cheklamaymiz”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampning G‘azodagi urushni tugatish bo‘yicha yangi rejasini to‘liq qabul qilmasligini bildirib, HAMAS qurolsizlantirilmaguncha Isroil qo‘shinlari G‘azodan chiqmasligini aytgandi.
Live
Barchasi