AQSH Rossiya va Ukraina bilan nimani muhokama qilgani aytildi
Olam
−
11:20 1938 1 daqiqa
AQSH Prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner Rossiya va Ukraina bilan kuz-qish mavsumi arafasida hamda qish davomida keskinlikni pasaytirish bo‘yicha ehtimoliy choralarni muhokama qilgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Axios” nashriga ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Uitkoff va Kushnerning maqsadlaridan biri Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘lgan. Yana bir maqsad esa Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlari kuchaygan avvalgi qishlardan farqli ravishda, kelayotgan qish mavsumini imkon qadar tinchroq o‘tkazishga erishish bo‘lgan.
Zelenskiy Rossiya avvalgi yillardagi kabi kuz-qish mavsumida Ukraina energetika tizimiga faol hujum qilishni rejalashtirayotganiga ishonishini bildirdi. Shu bilan birga, u Vladimir Putin Donald Trampni “ranjitishni istamasligi” va muzokaralarni ilgari surish bo‘yicha takliflarni “muhokama qilishga tayyor” deb hisoblaydi.
Avvalroq, Kiyevda qishda elektr energiyasi uzoq vaqtga o‘chib qolishi va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida oziq-ovqat hamda ichimlik suvi zaxiralarini shakllantirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Stiv Uitkoff va Jared Kushner joriy yilning 5 sentyabr kuni Moskvaga borib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan 3 soat muzokara o‘tkazgan edi. 6 sentyabr kuni esa Ukraina Prezidenti bilan muzokaralar uchun Kiyevga borgan.