Tramp Rossiya va Ukrainaga uchta taklif bilan chiqdi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yumshatish uchun 3 ta zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chorani taklif qildi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “Axios” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Vashingtonning birinchi taklifi Rossiya va Ukraina o‘rtasida energetika infratuzilmalariga qarshi o‘zaro zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishdan iborat.

Ikkinchi taklif Qora dengizdagi don yo‘lagining faoliyatini qayta tiklashni nazarda tutadi. Uchinchisi esa AQSH, Rossiya va Ukraina ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishdan iborat.

“Axios” uch tomonlama uchrashuv uchun Abu-Dabini ehtimoliy joy sifatida ko‘rsatgan. Zelenskiy Kiyev bunday taklifni qabul qilishga tayyorligini aytgan.

“Biz muzokaralarga ochiqmiz – istalgan joyda va istalgan formatda”, degan Zelenskiy.

Zelenskiyning aytishicha, uch tomonlama uchrashuv dekabr oyida Mayamida o‘tkazilishi rejalashtirilgan G20 sammiti doirasida ham tashkil etilishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala Tramp bilan suhbatda ham muhokama qilingan.

Biroq Ukraina Prezidenti Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning muzokaralarga tayyorligiga shubha qilayotganini bildirgan. Shuningdek, Zelenskiy Putinning uch davlat rahbarlari uchrashuvidan qochish uchun “biror sabab topishi” mumkinligini aytgan.

“Axios”ning xabardor manbasiga ko‘ra, Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Nyu-Yorkka kelib, AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan uchrashadi. Uchrashuvda AQSHning so‘nggi takliflari muhokama qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, “ZN.UA” diplomatik manbalarga tayanib, Nyu-Yorkda Ukraina Prezidenti ofisi rahbari Kirill Budanov, AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff va Rossiya maxsus vakili Kirill Dmitriyev o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv tayyorlanayotganini xabar qilgan. Rossiya tomoni esa bunday uchrashuv rejalashtirilayotganini rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Ukraina va Rossiya masalasida uzoq suhbatlashganini, jumladan, energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha moratoriy hamda Kiyevga tutib qoluvchi raketalarni tezroq yetkazib berish masalalarini muhokama qilganini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing