Putin Ukraina bilan muzokaralarni qayta boshlashga rozi bo‘ldi

Olam

−

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH vositachiligida Ukraina bilan uch tomonlama tinchlik muzokaralarini kelasi oy qayta boshlashga rozi bo‘ldi. Muzokaralar joriy yilning 10 noyabrida yoki undan keyin Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov kecha, 21 oktyabr kuni Sankt-Peterburgda Putin va AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Prezidentimiz Uitkoffga 10 noyabr atrofida asosiy masala bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga prinsipial jihatdan tayyor ekanimizni ma’lum qildi”, degan Ushakov.

Qayd etilishicha, Putin bu haqda Sankt-Peterburgda AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan qariyb uch soat davom etgan uchrashuvda kelishib olgan. Muzokaralarda urush yakunlanganidan keyin Rossiya va Ukraina xavfsizligini qanday kafolatlash masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda. Kreml uchrashuv texnik darajada o‘tkazilishini bildirgan.

Uitkoffning Putin bilan uchrashuvi Rossiyaning xayrixohlik belgisi sifatida AQSH fuqarosi, iste’fodagi maktab o‘qituvchisi Stiven Xabbardni ozod qilishi bilan boshlangan. AQSH Prezidenti Donald Tramp avvalroq Putindan uni ozod qilishni so‘ragan edi.

Biroq Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda. Moskva Ukrainaning sharqidagi Donetsk viloyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish, Kiyevning NATOga a’zo bo‘lmasligi va vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish o‘rniga umumiy tinchlik kelishuviga erishishni talab qilmoqda.

Uitkoff uchrashuvda ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha turli takliflar aks etgan hujjatlarni Putinga taqdim etgan. AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham o‘z g‘oyalarini Rossiya rahbariga yetkazgan. Kreml yordamchisi Yuriy Ushakov esa AQSH vakilining Ukraina va Yevropa vakillari bilan Norvegiyada o‘tkazgan avvalgi muzokaralaridagi ayrim takliflar Rossiya tomonini to‘liq qoniqtirmaganini aytgan.

Muzokaralar AQSH va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan bir paytda o‘tkazildi. Ukraina tomoni so‘nggi vaqtlarda razvedka ma’lumotlari almashinuvi va Starshield harbiy sun’iy yo‘ldosh tizimidan foydalanishda muammolar yuzaga kelganidan shikoyat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 21 oktyabr kuni AQSH Prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoffni qabul qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing