Belarusda saylovlar: Minskda namoyishchilar va OMONchilar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi

Olam

image

Avvalroq, Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Unda amaldagi Prezident Aleksandr Lukashenko ko‘plab noroziliklarga qaramay oltinchi marta ham nomzodini ilgari surgandi.

Hammasi saylovning dastlabki natijasi e’lon qilingach, boshlandi. Belarus Markaziy saylov komissiyasi Aleksandr Lukashenko 5 hududda ustunlikka erishgani va 82 foiz ovoz olganini e’lon qildi.

Shundan so‘ng Minsk ko‘chalarida Lukashenkoga qarshi namoyishlar boshlandi. Saylovlarni kuzatish bo‘yicha “Halol odamlar” mustaqil assotsiatsiyasi kuzatuvchilar yo‘l qo‘ygan 5096 ta qoidabuzarlikni aniqlagan.

Ular shuningdek, MSK taqdim etgan yavka statistikasini ham shubha ostiga olgan. Guruh saylovlarda 70 nafar atrofida kuzatuvchi hibsga olinganini ma’lum qildi.

Internetni kuzatish xizmati Netblocks ma’lumotiga ko‘ra, saylov uchastkalari yopilganda ko‘plab internet-provayderlar ishlamay qolgan.

Minskning katta qismi norozilik namoyishlaridan qochish uchun politsiya tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi saylov uchastkalarida asosiy muxolif nomzod Svetlana Tixanovskaya Lukashenkodan o‘zib ketgan.

Avvalroq, shu kuni Lukashenko muxolif namoyishchilarni ogohlantirgan.

“Agar siz mamlakatimizga qarshi borishga yoki davlatda tartibsizlik keltirib chiqarishga urinsangiz zudlik bilan mendan javob olasiz”, degan Lukashenko.

Belarusda so‘rov 19:00 da to‘xtatildi, biroq Minskda odamlar saylashda davom etdi. Ularning saylov uchastkasida navbatda turgan holatlari suratga muhrlangan.

Сергей Гриц / AP Photo

Saylovdan bir kun oldin esa asosiy muxolif nomzod Tixanovskayaning saylov kampaniyasi rahbari hibsga olindi. U turmush o‘rtog‘i qamoqqa olingach, o‘z nomzodini ilgari surgandi. Kampaniyaga yaqin boshqa bir odam Veronika Sepkalo Moskvaga qochib ketdi.

Belarus MSK soat 18:00 holatiga yavka 79 foizga yetganini ma’lum qildi.

Saylov komissiyasi rahbari Lidiya Yermoshina mag‘lub bo‘lgan nomzodlarni g‘olibni tabriklashga va ommani namoyish ko‘tarishga tashviq qilmaslikka chaqirdi.

Saylovning birinchi turining rasmiy natijalari bugun, 10 avgustda e’lon qilinadi. Nomzod birinchi turda mutlaq g‘alabaga erishishi uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz olishi kerak.

Minsk allaqachon namoyishlarga qarshilik ko‘rsatishga shay holatga kelgan. Ko‘chalarga blok-postlar o‘rnatilgan, hukumat binolari o‘rab olingan.

Poytaxtda “Minsk qahramon shahar” yodgorligi oldida namoyishchilar va OMON o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgani aytilmoqda.

Guvohlar va jurnalistlarning ma’lum qilishicha, OMON muxolifatni haydash uchun rezina o‘q va suvdan foydalangan.

Hodisa joyiga bir nechta tez tibbiy yordam mashinasi ketayotgani ko‘rilgan.

Namoyishchilarning OMONchilar bilan kurashayotgani aks etgan kadrlar tarqaldi. Bir necha kishi hibsga olingan.

Odamlar ko‘chada Lukashenkoga “ket!” deya hitob qilgan. Bunday namoyishlar Brest va Jodino shaharlarida ham o‘tkazilgan.

Minskdagi qarama-qarshilik bir necha soat o‘tib yakunlandi. Hukumat vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Belarusda saylov

Baholaganlar

229

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing