Belarus muxolifati g‘alaba uchun yangi rejalar tuzdi

Olam

image

Kecha, 27 yanvar kuni Belarus prezidentligiga sobiq nomzod, muxolifatchi Svetlana Tixanovskayaning ofisi, Muxolifat muvofiqlashtiruvchi kengashi, Inqirozga qarshi xalq boshqarmasi va Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Valeriy Sepkalo o‘rtasida umumiy yig‘ilish o‘tkazilgan.

"Biz aminmiz: 2021 yil - harakat qilish, barcha resurslarni safarbar etish va bizning ko‘pchilik ekanimizni namoyish etish davri. Biz hozirdan fevral oyi uchun birgalikda kampaniyalar tayyorlaymiz va bahorda ko‘chalarda o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz umumiy g‘alaba va yangi saylovlarni yaqinlashtirish uchun ishlaymiz", deyilgan Tixanovskayaning Telegram kanalida.

Muxolifat yetakchilari rejalari tafsilotlarini oshkor qilish uchun kelasi hafta matbuot anjumani o‘tkazishni va’da qilgan.

Avvalroq, Tixanovskaya mamlakatda norozilik harakatining yangi to‘lqini joriy yilning bahorida boshlanishini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, Belarusda 2020 yilning 9 avgust kuni mamlakat prezidentligi uchun saylovlar o‘tkazilgandi. Rasmiy natijaga ko‘ra, saylovda Aleksandr Lukashenko 81 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Ammo mamlakat xalqi bu natijani qabul qilishni xohlamay, namoyishga chiqdi. Saylovdan keyin bir oy davomida har kuni tinch norozilik namoyishi uyushtirildi. Ammo Hukumat politsiya va OMON guruhini ishga solib, mitinglarni tarqatishga urindi. Yuzlab odamlar qo‘lga olindi.

Oktyabr oyidan boshlab haftaning oxirida namoyish uyushtiriladigan bo‘ldi va bu hozirgacha davom etyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Svetlana Tixanovskaya

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing