Bayden Erdo‘g‘an bilan qanday “savdolashgani”ni aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden kecha, 29 may kuni turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefonda gaplashgani va muloqot chog‘ida nimalarni muhokama qilganini ochiqladi. 

AQSH yetakchisining aytishicha, Erdo‘g‘an Turkiyaning AQSHdan F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olish istagini takrorlagan, Bayden esa Anqara Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishiga e’tirozidan voz kechishini xohlashini aytgan.

Erdo‘g‘andan Shvetsiyaning NATO a’zoligi bo‘yicha biron bir harakat kutilmoqdami degan savolga Bayden suhbatda bu masala ko‘tarilganini, kelasi hafta Turkiya rahbari bilan bu haqda ko‘proq gaplashishini bildirgan.

Aytish joizki, Turkiya AQSHdan 20 milliard dollarlik F-16 samolyotlari va 80 ga yaqin modernizatsiya to‘plamini sotib olishga harakat qilmoqda. Biroq Bayden ma’muriyati savdoni qo‘llab-quvvatlashini qayta-qayta ta’kidlagan bo‘lsada, AQSH Kongressi Anqaraning NATO kengayishiga yashil chiroq qo‘yishdan bosh tortgani, uning inson huquqlari va Suriya siyosatiga e’tirozlari tufayli savdoni to‘xtab qo‘ygan.

Turkiyaning hozirgi F-16 qiruvchi samolyotlari parki uchun avionika dasturiy ta’minotini yangilash bilan birga ancha kichikroq 259 million dollarlik paket shu yil boshida, Turkiya Finlyandiyaning NATOga a’zoligini ratifikatsiya qilganidan bir necha kun o‘tib AQSH Kongressi tomonidan ruxsat etilgan.

Muhokamalardan xabardor manbaning aytishicha, agar Anqara Shvetsiyaga yashil chiroq yoqmasa, Kongress F-16 bitimini ma’qullash qiyin bo‘lishini aytgan.

Rasmiy Anqara tomonidan Bayden va Erdo‘g‘an o‘rtasidagi qo‘ng‘iroq yuzasidan tarqatilgan bayonotida esa ikki yetakchi mintaqaviy va global muammolar oldida ahamiyati ortib borayotgan ikki tomonlama aloqalarining barcha jabhalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olganliklarini bildirilgan.

Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya o‘tgan yili Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan uzoq yillik harbiy qo‘shilmaslik siyosatidan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan. A’zolik uchun takliflar NATO a’zolarining barchasi tomonidan ma’qullanishi kerak. Turkiya va Vengriya Shvetsiyaning taklifini hali ma’qullagani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyi oxirida Turkiya Finlyandiyaning NATOga kirishini ratifikatsiya qilgandi. Biroq Anqara Stokgolmda terrorchi deb hisoblagan jangari guruhlar a’zolari joylashganini aytib, Shvetsiyaga e’tiroz bildirishda davom etmoqda. Vengriya ham Shvetsiyaning taklifini hali ma’qullamagan. Iyul oyi o‘rtalarida Litvada alyans yetakchilari sammitini o‘tkaziladi. Unda Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi Vashington uchun ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Turkiya Shvetsiya Erdo'g'an Bayden F-16 qiruvchi samolyotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing