Bayden AQSHning xorijdagi antiterror operatsiyalari haqida ma’lumot berdi 

Olam

image
Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH qo‘shinlari Pokiston “eshigini qoqdi”. Islomobod nima deydi? north_east

Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH qo‘shinlari Pokiston “eshigini qoqdi”. Islomobod nima deydi?

AQSH Prezidenti Jo Bayden Kongress Senati va Vakillar palatasi rahbarlarini Amerika tomonidan chet ellarda ISHID, “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotlari va “Tolibon” harakatiga qarshi olib borilayotgan operatsiyalar to‘g‘risida xabardor qildi. Bu haqda Oq uyga asoslanib xabar berilgan.  

Prezidentning ta’kidlashicha, AQSH bo‘linmalari ISHID, “Al-Qoida”, “Tolibon” va Iroq, Suriya, Yaman, Iordaniya, Livan, Somali, Keniya, Jibuti, Nigerdagi ushbu tashkilotlar bilan bog‘liq guruhlarga qarshi operatsiyalarni davom ettirmoqda. 

Bayden Iordaniyada 2976, Livanda 83 va Nigerda 808 nafar amerikalik harbiylar borligini ta’kidlagan. Yuqorida sanab o‘tilgan boshqa mamlakatlardagi AQSH kontingenti soni esa ma’lum  qilinmagan. Davlat rahbari, shuningdek, Saudiya Arabistonidagi Amerika qo‘shinlarining umumiy soni 2742 kishini tashkil etishini aytgan. 

Bundan tashqari, Bayden Kongress rahbariyatiga Amerika qo‘shinlari Misrdagi Sinay yarimorolida va Kosovoda tinchlikparvar kuchlar va harbiy kuzatuvchilar missiyasining bir qismi ekani to‘g‘risida xabar bergan. Bayden, shuningdek, terrorizmga qarshi kurashda AQSH Filippin hukumatiga ham yordam berayotganini ma’lum qilgan. 

Avvalroq, Pokiston Afg‘onistondan harbiy kontingentini olib chiqib ketayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘z bazalarini berishdan bosh tortgani haqida xabar bergandik.  

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.   

Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi. 

Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Bayden

Baholaganlar

44

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing